Xavfsizlik kamarini taqmaslik bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma endi onlayn beriladi

Endilikda xavfsizlik kamarini taqishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar bo‘yicha tibbiy ma’lumotnomani my.gov.uz portali orqali onlayn olish mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali xabar berdi.
Yangi xizmat xavfsizlik kamaridan foydalanishga tibbiy jihatdan qarshi ko‘rsatmalari mavjud bo‘lgan fuqarolar uchun mo‘ljallangan. Buning uchun avval fuqaro tibbiyot muassasasida tegishli ko‘rikdan o‘tishi va shifokorlar xulosasi elektron bazaga kiritilgan bo‘lishi kerak.
Ma’lumotnomani olish uchun foydalanuvchi portal yoki mobil ilovadagi «Ma’lumotnomalar» bo‘limiga kirib, kerakli xizmatni tanlashi va hujjatni yuklab olishi mumkin.
Mazkur ma’lumotnoma tibbiy xulosada belgilangan muddat davomida amal qiladi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi va qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kredit olish uchun yagona onlayn platforma ishga tushirilishi haqida yozgandi.