Xususiy kasbiy ta’lim markazlari uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi

eʼlon qilindi
300 dan ortiq o‘quv dasturi xalqaro talablarga moslashtiriladi
Xususiy kasbiy ta’lim markazlari uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi / Foto: President.uz

O‘zbekistonda xususiy kasbiy ta’lim tizimini kengaytirish va mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida sohaga qaratilgan yangi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev shu masaladagi taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, kelgusi uch yilda xususiy sektor ulushini oshirish hisobiga xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritayotgan o‘quv va baholash markazlari sonini 50 tadan 200 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, xususiy kasbiy ta’lim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Hozirda bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etadi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 300 dan ortiq o‘quv dasturi xalqaro talablarga moslashtiriladi, kamida ming nafar o‘qituvchi va ta’lim ustasining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Taqdimotda tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskunalarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif qilindi. Bundan tashqari, ularga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar ajratiladi, kredit foiz xarajatlarining 7 foizi qoplab beriladi.

Shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi hamda xalqaro va milliy kasbiy malaka sertifikatlari xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Tadbirkorlarga sotilgan yer uchastkalari uchun to‘lovlarni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish, bo‘sh turgan davlat obyektlarini kamida 5 yilga ijaraga olish va texnikumlardagi bo‘sh binolardan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Yil yakunigacha xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlarini jihozlash dasturiga $100 mln jalb etish, bitiruvchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mlnlik venchur jamg‘armasini tashkil etish hamda har yili «kasb vaucheri» dasturi uchun 20 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq diniy-ma’rifiy yo‘nalish talabalari uchun yangi stipendiya joriy etilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek