
General Motors Braziliyada elektrlashtirilgan Chevrolet modellari ishlab chiqarilishini kengaytirish ustida ishlamoqda. Kompaniya navbatdagi bosqichda Chevrolet Captiva PHEV modelini mahalliy yig‘uvga kiritishi mumkin, deya xabar berdi Tarantas News nashri.
Hozirda Braziliyaning Seara shtatida joylashgan Pace zavodida Chevrolet Spark EUV va Chevrolet Captiva EV elektromobillari ishlab chiqarilmoqda. GM shu korxonada 2026-yil oxirigacha yana bir yangi texnologiyali modelni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan, biroq uning aniq nomi hali rasman e’lon qilinmagan.
Shu bilan birga, yangi model to‘liq elektromobil emas, balki plug-in gibrid bo‘lishi ehtimoli kuchli. Mutaxassislar aynan Captiva PHEV ushbu bo‘shliqni to‘ldirishi mumkinligini aytmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, avtomobil Xitoydan keltiriladigan komplektlar asosida SKD usulida yig‘iladi, yakuniy montaj esa Comexport Pace zavodida amalga oshiriladi.
Captiva PHEV’ning asosiy ustunligi shundaki, u ham elektr tarmog‘idan quvvatlanadi, ham benzin dvigateli bilan ishlaydi. Bu esa ayniqsa Braziliya kabi infratuzilmasi hali to‘liq rivojlanmagan bozorlarda muhim afzallik hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet elektromobili batareyasi tugagandan keyin qancha yurishi haqida yozgandi.