Kapital bozorni rivojlantirish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shavkat Mirziyoyev shunga doir taqdimot bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan oy ilk bor Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari London Stock Exchange va Toshkent fond birjasida birlamchi ommaviy joylashtirildi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotining xorijiy investorlar uchun ochiq va ishonchli bozorga aylanib borayotganini namoyon etdi. Shuningdek, Asian Development Bank, International Finance Corporation hamda European Bank for Reconstruction and Development kabi xalqaro moliya institutlari mahalliy fond bozorida milliy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarishga qiziqish bildirmoqda.
Shu maqsadda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 16 bob va 123 moddadan iborat hujjat kapital bozorini zamonaviy talablar asosida tartibga solish, investorlar huquqlarini himoya qilish, bozor infratuzilmasini mustahkamlash hamda yangi moliyaviy vositalarni joriy etishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakatda ilk bor opsion, svop, fyuchers va forvard kabi hosila moliyaviy instrumentlar joriy etiladi. Shuningdek, banklar tomonidan garov bilan ta’minlangan obligatsiyalar va ipoteka kreditlari asosidagi maxsus qimmatli qog‘ozlarni chiqarish uchun huquqiy asos yaratiladi. Hujjatda sherikchilik, ijara, savdo va agentlik sukuki kabi islom moliyasi vositalarini o‘z ichiga olgan sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish tartibi ham belgilanmoqda.
Taqdimotda qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasini takomillashtirish, markaziy depozitariy vakolatlarini kengaytirish va xorijiy investorlar uchun mahalliy bozorga kirish tartibini soddalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida 10 dan ortiq qonun va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent investitsiya forumida 43,1 mlrd dollarlik 166 ta shartnomalar imzolangani haqida yozgan edik.