iOS 27: Apple sun’iy intellektni qaysi ilovalarga integratsiya qiladi

Apple iOS 27 operatsion tizimida sun’iy intellekt imkoniyatlarini alohida ilovalarga integratsiya qilib, kundalik vazifalarini soddalashtirishdi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.


Hisobni bo‘lib to‘lash va parollarni yangilash
iOS 27’da restoran hisobini Apple Cash orqali bo‘lib to‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi. Foydalanuvchi chek rasmini yuklagach, Apple Intelligence buyurtma qilingan taomlar, ularning soni, choychaqa va umumiy summani avtomatik aniqlaydi. Guruh a’zolari esa Messages ilovasi orqali o‘z ulushlarini tasdiqlashi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizim ma’lumotlar sizib chiqishi oqibatida xavf ostida qolgan yoki zaif parollarni aniqlab, ularni avtomatik ravishda yangilash imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Messages va Calendar ilovalari
Messages ilovasi suhbat mazmunidan kelib chiqib, eslatma yaratish, suratlarni ulashish yoki tadbirlarni kalendarga qo‘shish bo‘yicha bir tugmali tavsiyalarni taqdim etadi.
Shuningdek, Calendar ilovasida foydalanuvchilar tadbirlarni tabiiy tilda tasvirlab, ularni avtomatik ravishda yaratishi yoki tahrirlashi mumkin bo‘ladi.

Qo‘ng‘iroqlar va avtomatlashtirilgan amallar
iOS 27 telefon qo‘ng‘iroqlari vaqtida foydalanuvchiga kerakli ma’lumotlarni avtomatik ko‘rsatadi. Masalan, aviabilet bo‘yicha mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroq qilinganda, bron raqami ekranda paydo bo‘ladi. Bu ma’lumotlar Mail ilovasidan olinadi va qurilmaning o‘zida qayta ishlanadi.
Shortcuts ilovasi esa oddiy matnli so‘rovlar asosida avtomatlashtirilgan amallarni yaratadi. Masalan, foydalanuvchi ish joyidan chiqqanda yaqinlariga yetib borish vaqtini avtomatik yuborish yoki buyurtma yetkazib berilayotganda uy chiroqlarini yoqish mumkin bo‘ladi.

Safari va Home ilovalarida SI
Home ilovasi aqlli uy qurilmalaridan keladigan ko‘plab bildirishnomalarni bitta umumiy xabarga birlashtiradi. Safari brauzeri esa ochilgan sahifalarni mavzusiga qarab avtomatik ravishda guruhlarga ajratadi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu funksiyalar foydalanuvchi maxfiyligini saqlagan holda ishlaydi va ma’lumotlar Apple serverlariga uzatilmaydi.
Qachon taqdim etiladi?
iOS 27’ning dasturchilar uchun beta versiyasi allaqachon taqdim etilgan. Ommaviy beta sinovi yaqin haftalarda boshlanishi, tizimning yakuniy versiyasi esa kuz oylarida foydalanuvchilarga taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 18 Pro narxi 1400 dollargacha bo‘lishi haqida xabar bergan edik.