Jazoir Iordaniyaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozondi

23-iyun 2026 10:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jazoir Iordaniyaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozondi
Foto: Reuters

Jahon chempionati guruh bosqichi doirasidagi Iordaniya — Jazoir uchrashuvida hisob 1:2 ko‘rinishida yakunlandi. Santa-Klaradagi «Levis» stadionida o‘tgan bahsda har ikki jamoa turnirdagi ilk g‘alabasi uchun kurashdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida Jazoir ko‘proq to‘p nazorat qildi va bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi. Ayniqsa, Riyod Mahrezda hisobni ochish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi, biroq Iordaniya darvozaboni Yazid Abulayla o‘z jamoasini bir necha bor qutqarib qoldi.

36-daqiqada esa Iordaniya kutilmaganda oldinga chiqib oldi. Jazoir himoyasi jarima maydoni yaqinida xatoga yo‘l qo‘ydi, Mohannad Abu Taha chap qanotdan to‘pni markazga uzatdi, Musa at-Tamari uni tegizib yubordi va Nizar ar-Rashdan imkoniyatdan unumli foydalanib, Luka Zidan qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi.

Foto: Getty Images

Tanaffusdan keyin Jazoir bosimni kuchaytirdi. Jamoa bosh murabbiyi hujumni jonlantirish uchun Nabil Bentaleb va Nodir Benbualini maydonga tushirdi. Bu o‘zgarish natija berdi.

68-daqiqada Jazoir hisobni tenglashtirdi. Riyod Mahrez burchak zarbasini aniq amalga oshirdi, Nodir Benbuali esa to‘rt nafar iordaniyalik himoyachi orasidan baland sakrab, boshi bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi. Bu Jazoirning 2026-yilgi mundialdagi ilk goli bo‘ldi.

Hisob tenglashdan keyin «jang» qanday kechdi

Foto: Getty Images

Hisob tenglashgach, o‘yin yanada ochildi. Jazoir hujumlarni davom ettirdi, Iordaniya esa qarshi hujumlarda xavf yaratishga urindi. Mahmud al-Mardi zarbasi darvozaga yo‘naldi, biroq Luka Zidan pastdan seyv amalga oshirib, jamoasini qutqardi.

82-daqiqada Amin Guiri jarima maydonidagi tartibsizlikdan unumli foydalanib, to‘pni darvozaga yaqin masofadan yo‘lladi va hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Avvalroq «Kursiv» Messining dubli Argentinaga g‘alaba keltirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek