
Xpeng kompaniyasi tomonidan yangi Xpeng Mona L03 avtomobili Xitoyda rasman namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model joriy yil iyul oyida taqdim etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u Xpeng Mona ommaviy bozor liniyasidagi ikkinchi avtomobil bo‘ladi. China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil avgustidan 2026-yil mayigacha Xpeng ushbu modeldan Xitoyda 272 ming dona yetkazib bergan.
Mona M03’ning muvaffaqiyatiga uning nisbatan arzon narxi ham ta’sir qilgan. Xitoyda model 119 800 yuandan 151 800 yuangacha, ya’ni taxminan $17,7 mingdan $22,4 minggacha baholangan.

Mona L03 haqida ilk ma’lumotlar 2026-yil aprel oyida Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hujjatlarida paydo bo‘lgan edi. Iyun oxirida esa Xpeng modelning rasmiy suratlarini e’lon qilib, uning iyul oyida debyut qilishini tasdiqladi.
Dizayn va o‘lchamlar
Yangi Xpeng Mona L03 ixcham SUV sifatida ishlab chiqilgan. Avtomobil uzunligi 4650 mm, eni 1920 mm, balandligi esa 1600 mmni tashkil qiladi. G‘ildiraklar bazasi 2850 mmga teng.

Dizayn jihatidan Mona L03 avvalgi Mona M03 liftbekiga yaqin uslubda yaratilgan. Model T-shaklidagi old chiroqlar, qiya kapot chizig‘i, yarim yashirin eshik tutqichlari va orqa tomonda yagona chiroq tasmasi bilan ajralib turadi. Shuningdek, avtomobilda faol old havo kirish tizimi va yorqin rangli tormoz supportlari mavjud.
Komplektatsiyaga qarab, Xpeng Mona L03 18 yoki 20 dyuymli g‘ildirak disklari bilan taklif etiladi. Avtomobilning vazni 1855 kilogrammdan 1875 kilogrammgacha bo‘ladi.
Xpeng Mona M03 global model sifatida xorijiy bozorlarda ham sotilishi tasdiqlangan. Shu sababli Mona L03 ham xalqaro bozorlarga chiqarilishi mumkin. Kompaniya ushbu model orqali Xitoydan tashqaridagi sotuvlarini oshirishni maqsad qilishi ehtimol.
Avvalroq «Kursiv» Xpeng GX avtomobili sotuvga chiqarilayotgani haqida yozgan edi.