Rossiyada migrantlar pul o‘tkazmalaridan 3 foiz komissiya olish taklif qilindi

Rossiyada migrantlar pul o‘tkazmalaridan 3 foiz komissiya olish taklif qilindi. «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi deputatlari Davlat dumasiga har bir transchegaraviy pul o‘tkazmasidan yig‘im olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritdi.
Partiya yetakchisi Sergey Mironovning aytishicha, taklif Rossiya budjetiga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlashga qaratilgan. U migrantlar tomonidan Rossiyadan katta miqdorda mablag‘ chiqarilayotganini, biroq bu oqimdan davlat budjeti bevosita daromad olmayotganini ta’kidladi.
Mironovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi tizimda pul o‘tkazmalaridan, asosan, to‘lov tizimlari va banklar komissiya orqali daromad olmoqda. Deputatlar esa bunday operatsiyalardan davlat foydasiga alohida yig‘im joriy etishni taklif qilmoqda.
U statistik ma’lumotlarga tayanib, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining katta qismi migrantlar hissasiga to‘g‘ri kelishini aytdi. Mironovning qayd etishicha, o‘tgan yili Qirg‘izistonga rekord darajadagi $3,2 mlrd yuborilgan. 2025-yilda esa O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi $15 mlrdga yetgani aytilmoqda.
Qonun loyihasida xalqaro bank o‘tkazmasi summasidan 3 foizgacha majburiy yig‘im undirish taklif etilgan. Deputatlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu chorani joriy qilish Rossiya budjetiga har yili 45 mlrd rubldan ortiq qo‘shimcha mablag‘ olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samarqandda Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlarga yangi test markazi ochilishi haqida yozgan edi.