Korrupsiyaga oid jinoyatlar aniq ro‘yxatga kiritildi

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga muvofiq, Jinoyat kodeksidagi 167, 168, 192-9, 192-10, 192-11, 205, 206, 208, 209, 210, 211, 212, 213, 214, 214-1, 214-2 hamda 301-moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxatiga kiritildi.
Shuningdek, 243-modda doirasidagi jinoyat agar korrupsiya natijasida olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq bo‘lsa, u ham ushbu toifaga kiradi.
Qonunga ko‘ra, o‘zlashtirish, rastrata yoki firibgarlik jinoyatlari uchun hukm qilingan va yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga muddatidan oldin shartli ozod qilish choralari qo‘llanilmaydi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan, davlat xaridlarida boshlang‘ich narx va bozor narxi o‘rtasidagi tafovut bo‘yicha belgilangan talablarni buzgan mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravarigacha, ya’ni 12 million so‘mdan ortiq jarima belgilanadi.
Shuningdek, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi hududiy kengashlar tashkil etiladi. Davlat organlari va tashkilotlarida esa komplayens tizimi hamda ichki korrupsiyaga qarshi nazorat mexanizmlari joriy etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga profilaktik tashriflar yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.