Yagona milliy QR-kod tizimida komissiya 0,65 foiz etib belgilandi

O‘zbekistonda yagona to‘lov infratuzilmasini shakllantirish va naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish maqsadida Yagona milliy QR-kod tizimi (UzQR) joriy etilmoqda. Markaziy bank UzQR tizimiga oid tafsilotlarni ochiqladi.
UzQR qanday ishlaydi
Yangi tizim orqali iste’molchilar istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi yordamida bitta QR-kodni skaner qilib to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Bu savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalariga bir nechta QR-kod hamda turli to‘lov yechimlarini saqlash zaruratini bartaraf etadi.
Komissiya qanday taqsimlanadi
UzQR tizimida umumiy komissiya miqdori 0,65 foiz qilib belgilangan. Mazkur komissiya to‘lov jarayonida ishtirok etuvchi tomonlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Jumladan:
- 0,10 foiz — ekvayer bank;
- 0,20 foiz — QR-kod operatori;
- 0,15 foiz — to‘lov tashabbuskori (mobil ilova);
- 0,05 foiz — to‘lovchi bank;
- 0,15 foiz — Uzcard va Humo tizimlari ulushi.
Uzcard va Humo ulushining 0,075 foizi Uzcard, 0,05 foizi esa Humo hissasiga to‘g‘ri keladi.

Banklar ko‘proq ulush olishi mumkin
Tizim ishtirokchilari bir vaqtning o‘zida bir nechta funksiyani bajargan taqdirda bir necha ulushni ham olishi mumkin. Masalan, agar to‘lov bankning o‘z ilovasida amalga oshirilsa va karta ham shu bank tomonidan chiqarilgan bo‘lsa, bankning umumiy ulushi 0,20 foizga yetadi.
Agar tadbirkorlik subyekti ham o‘sha bank mijozi bo‘lsa, bank oladigan ulush 0,30 foizgacha oshishi mumkin.
Amaldagi tariflardan arzonmi
Mutaxassislar UzQR tariflari amaldagi bozor tariflariga nisbatan ancha past ekanini ta’kidlamoqda. Hozirda savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari uchun QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha komissiyalar odatda 1 foizdan 3 foizgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
Shuningdek, Uzcard va Humo tizimlarida milliy bo‘lmagan QR-kodlar uchun tariflar 0,3 – 0,37 foizgacha yetadi. Yagona milliy QR-kod tizimi uchun esa bu ulush 0,10 foizgacha kamaytirilgan.
Iste’molchilardan komissiya olinadimi
Tizimning muhim jihatlaridan biri shundaki, rasmiy tariflarga ko‘ra, to‘lovchi iste’molchidan hech qanday komissiya undirilmaydi. Barcha 0,65 foizlik komissiya savdo va xizmat ko‘rsatish subyekti tomonidan to‘lanadi.
Ayrim hollarda iste’molchilardan qo‘shimcha yig‘imlar undirilayotgani kuzatilayotgan bo‘lsa-da, bu to‘lovlar UzQR tizimining rasmiy tarifiga kirmaydi va alohida tartibga solinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MB murojaatlar bo‘yicha eng ko‘p shikoyat tushgan 10 ta bank ro‘yxatini e’lon qilgan edi.