Nesto Group o‘zbekistonliklar uchun bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilmoqda

Yaqin Sharqdagi yirik riteylerlardan biri Nesto Group o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga jalb qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari BAAda faoliyat yuritayotgan Nesto Group kompaniyasi bosh ofisi rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, xorijiy mehnat bozori uchun mutaxassislar tayyorlaydigan monomarkazlar faoliyati va ularning imkoniyatlari taqdim etildi.
Nesto Group vakillari O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy va ijtimoiy himoyalangan ish bilan ta’minlashga qiziqish bildirdi.
Kompaniya taklif qilayotgan lavozimlar
Kompaniya gipermarket va supermarketlar uchun sotuvchi-maslahatchi, kassir-operator, merchendayzer, ixtisoslashgan bo‘lim xodimlari, omborchilar hamda xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarini ishga qabul qilishga tayyor.
Ishga qabul qilingan fuqarolarning tibbiy sug‘urtasi, ishchi vizasi, yashash joyi va transport xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Nomzodlardan ingliz tilini kamida boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi.
Ish boshlashdan oldin xodimlar uchun kompaniya hisobidan 50 kunlik maxsus kasbiy moslashuv va tayyorgarlik kurslari tashkil qilinadi.
Yakunda Nesto Group, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va monomarkazlar o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etish, uzoq muddatli hamkorlik memorandumini imzolash va loyihani tez orada amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya o‘zbekistonlik shifokorlarni ishga taklif qilayotgandi. Dastur doirasida yiliga 150 nafar shifokorni ishga jalb qilish rejalashtirilgan. Tanlovda pediatr, nevrolog, diabetolog, pulmonolog, gastroenterolog, shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari hamda boshqa tibbiyot yo‘nalishlari mutaxassislari ishtirok etishi mumkin.