
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 23-iyun kuni futbol muxlislari uchun O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi JCh – 2026 guruh bosqichi uchrashuvini tomosha qilishga mo‘ljallangan maxsus fan-zona tashkil etiladi. Bu haqda Kaktus media xabar berdi.
Unga ko‘ra, fan-zona Turdakun Usubaliyev maydonida tashkil etiladi. Bu yerda shahar aholisi va mehmonlari o‘yinni katta ekranda jamoaviy tarzda tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.
Tadbir doirasida soat 21:20 dan boshlab mahalliy estrada yulduzlari ishtirokida konsert dasturi o‘tkaziladi. Soat 22:00 dan esa o‘yinoldi tahlillari va sharhlar bilan jonli efir boshlanadi.
Shahar markazida cheklovlar bo‘ladi
Fan-zona tashkil etilishi munosabati bilan Bishkek markazidagi bir qator ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi. Meriya aholi va mehmonlardan yo‘nalishlarni oldindan rejalashtirishni so‘radi.
O‘zbekiston – Portugaliya o‘yini
| Band | Ma’lumot |
|---|---|
| Musobaqa | JCh – 2026 guruh bosqichi, 2-tur |
| Sana | 23-iyun |
| Boshlanish vaqti | 22:00 (Toshkent vaqti) |
| Stadion | NRG Stadium, Hyuston (AQSh) |
| O‘zbekistonning oldingi o‘yini | Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lubiyat |
| Portugaliyaning oldingi o‘yini | Kongo DR bilan 1:1 durang |
| O‘zbekistonning keyingi o‘yini | 29-iyun kuni Kongo DRga qarshi |
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston milliy terma jamoasining JChdagi guruh bosqichi uchrashuvlarini Toshkentning turli hududlarida tashkil etiladigan maxsus fan-zonalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilishi mumkinligi haqida yozgandi.