Yangi Chevrolet Tracker 2027 avtomobilining narxlari e’lon qilindi

24-iyun 2026 07:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Chevrolet Tracker 2027 avtomobilining narxlari e’lon qilindi
Manba: Chevrolet Brasil

Chevrolet Tracker 2027 Braziliya bozorida yangilangan dizayn, boyitilgan xavfsizlik tizimlari va zamonaviy multimedia imkoniyatlari bilan sotuvga chiqdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, modelning Turbo AT bazaviy versiyasi 120 brazil reali yoki $23 ming etib belgilangan.

Yangi Tracker 2027 Chevrolet’ning yangilangan vizual uslubiga moslashtirilgan. SUV old qismida qayta ishlangan radiator panjarasi, LED faralar, yangilangan bamper va qanotlar bilan ajralib turadi. Orqa tomonda esa kristall linzali yangi fonarlar ishlatilgan. Har bir versiya uchun alohida dizayndagi 17 dyuymli g‘ildirak disklari taklif etiladi.

Ushbu talqinda turbo dvigatel, 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi, kalitsiz kirish va ishga tushirish, 17 dyuymli po‘lat disklar, Full LED old faralar, smartfon ekranini simsiz ulash hamda orqa parkovka sensori mavjud.

Foto: Chevrolet

Boshqa versiyalar

Keyingi LT Turbo AT versiyasi 147 ming realdan boshlanadi (taxminan $28,2 ming). Bu komplektatsiyada yo‘lakda harakatlanishni ushlab turuvchi yordamchi tizim, 11 dyuymli Chevrolet MyLink multimedia ekrani, 8 dyuymli raqamli asboblar paneli, yuqori aniqlikdagi orqa kamera va smartfonni simsiz ulash imkoniyati bor.

LTZ Turbo AT talqini 163 ming realdan taklif etiladi (taxminan $31,3 ming). Ushbu versiyada Start/Stop tizimi, avtomatik raqamli iqlim nazorati, shinalar bosimini monitoring qilish tizimiga ega yengil qotishmali disklar, old to‘qnashuv haqida ogohlantirish, favqulodda tormozlash hamda piyoda va velosipedchilarni aniqlash funksiyalari mavjud.

Foto: Chevrolet

Premier Turbo versiyasi 179,7 ming realdan sotiladi (taxminan $34,6 ming). U 1,2 litrli to‘g‘ridan to‘g‘ri yonilg‘i purkash tizimiga ega turbo dvigatel, qora va bej ranglardagi yanada nafis salon, Easy Park avtomatik parkovka tizimi, smartfonni simsiz quvvatlash va yangi harakatlanuvchi polga ega bagaj bo‘limi bilan jihozlangan.

Eng qimmat RS Turbo versiyasi 180 ming realdan boshlanadi (taxminan $34,8 ming). Ushbu talqin sport uslubidagi tashqi ko‘rinish, qora yaltiroq detallarga ega eksklyuziv old panjara, High Gloss qora dizayndagi 17 dyuymli disklar, panoramali elektr lyuk, piyoda va velosipedchilarni aniqlash tizimi hamda avtomatik raqamli iqlim nazorati bilan ajralib turadi.

Yana nimalarni kutish kerak

Foto: Chevrolet

Tracker 2027’ning muhim yangiliklaridan biri xavfsizlik tizimlari kengaytirilgani bo‘ldi. Modelda yo‘lakda harakatlanishni ushlab turuvchi yordamchi tizim, old to‘qnashuv haqida ogohlantirish, past tezlikda avtomatik tormozlash, piyoda va velosipedchilarni aniqlash hamda ko‘r nuqta monitoringi kabi funksiyalar mavjud.

Avtomobilning amaliy jihatlari ham yaxshilangan. Yangi bagaj bo‘limi harakatlanuvchi pol bilan jihozlangan. Bu yukxona hajmidan turli vaziyatlarda qulayroq foydalanish imkonini beradi. Salon esa yangi panel, sifatliroq bezak materiallari va ergonomik o‘rindiqlar bilan yangilangan.

Foto: Chevrolet

Chevrolet Tracker 2027 1,2 litrli turbo dvigatel bilan taklif etiladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri yonilg‘i purkash tizimiga ega motor 141 ot kuchigacha quvvat beradi. U 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Chevrolet’ning ta’kidlashicha, dvigatel tezkor javob, tejamkorlik va pastroq chiqindi miqdorini ta’minlashga qaratilgan.

Modelda OnStar va Wi-Fi nativo tizimlari ham bor. Wi-Fi tizimi bir vaqtning o‘zida 7 tagacha qurilmani ulash imkonini beradi. Bundan tashqari, 11 dyuymli MyLink multimedia markazi, 8 dyuymli raqamli panel, simsiz smartfon ulanishi va ayrim versiyalarda simsiz quvvatlash mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tracker avtomobilida 60 ming kilometrdan keyin qanday kamchiliklar kuzatilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek