Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 140 ta ish o‘rni taklif etilmoqda

eʼlon qilindi
Ish haqi soliqdan keyin taxminan 1,8 ming yevrodan 2,5 ming yevrogacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan
Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 140 ta ish o‘rni taklif etilmoqda
Foto: iStock

Migratsiya agentligi Germaniyaning «Askania Future GmbH» rekrut kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklar uchun 140 ta ish o‘rni ochilganini ma’lum qildi.

Ish joyi Germaniyaning Muldestausee OT Pouch hududida joylashgan bo‘lib, jami 140 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Nomzodlar ish beruvchi tashkilot tomonidan onlayn suhbat asosida tanlab olinadi.

Ish haqi soliqdan keyin taxminan 1,8 ming yevrodan 2,5 ming yevrogacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Miqdor ish tajribasi va nomzod profiliga qarab belgilanadi.

Qurilish sohasi bo‘yicha 21 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan, tegishli yo‘nalishda bakalavr diplomiga ega hamda nemis tilidan kamida A2 darajadagi xalqaro sertifikati bor nomzodlar ariza topshirishi mumkin. Ular qurilish loyihalarini rejalashtirish, loyihalash va amalga oshirilishini nazorat qilish, shuningdek, infratuzilma, avtomobil yo‘llari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va bino-inshootlar qurilishida ishtirok etadi.

Haydovchilik yo‘nalishida esa D, C yoki E toifali haydovchilik guvohnomasiga ega, kamida bir yillik ish tajribasi bor erkaklar qabul qilinadi. Ularning asosiy vazifasi Germaniya va Yevropa Ittifoqi yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda transport vositasini boshqarish, uning texnik holatini nazorat qilish, yuklarni xavfsiz va o‘z vaqtida manzilga yetkazish hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishdan iborat.

Nimalar talab etiladi

Ish beruvchi tanlovidan o‘tgan nomzodlar nemis tilini o‘rganishga yo‘naltiriladi. Ish tajribasiga ega, rus tilini biladigan hamda Kod-95 sertifikati mavjud nomzodlardan nemis tilini bilish talab etilmaydi.

Ish haftasiga besh kun, kuniga 8–9 soatni tashkil etadi. Ish beruvchi tomonidan tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi, shuningdek, aeroportdan kutib olish xizmati ham mavjud.

Nomzodlarning dastlabki xarajatlari qatoriga ishchi viza uchun taxminan 106 yevro, aviachipta uchun 300 yevro, ovqatlanish uchun o‘rtacha 350 yevro va turar joy ijarasi uchun o‘rtacha 250 yevro kiradi. Ishga joylashgan taqdirda Migratsiya agentligi tomonidan ishchi viza va aviachipta xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Arizalar xorijdaish.uz platformasi orqali qurilish sohasi, yuk mashinasi haydovchisi va avtobus haydovchisi yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilinadi. Murojaat uchun 1282 hamda 71 202-33-55 telefon raqamlariga bog‘lanish mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Italiya o‘zbekistonlik shifokorlarni ishga taklif qilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek