Janubiy Koreyaga ishga yuborish bo‘yicha firibgarliklar aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, fuqarolarning pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari aniqlandi.
Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro 12 nafar shaxsning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborishini aytgani aniqlangan. U fuqarolardan jami $38 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni avval Migratsiya agentligida ishlagan shaxsga bergani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, mazkur shaxs ilgari Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan sudlangan.
Shuningdek, Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro ikki nafar shaxsni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan jami $3,5 mingni olgani aniqlangan. Ushbu mablag‘ hisobidan 3 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan aniqlangan holatda esa ikki fuqaro migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali bir shaxsni Janubiy Koreyaga ishga yuborishlarini aytib, $2 ming va 36 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ma’lum qilinishicha, ulardan biri ilgari Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan sudlangan.
Yana uchta hududda
Xonobod shahrida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan. Fuqaro uch nafar shaxsga Janubiy Koreyaga ishga borishi uchun viza olib berishni va’da qilib, $2,5 ming va 11 mln so‘mni olgan. Tekshiruv davomida ushbu pullar hisobidan $1 mingning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro $11 ming evaziga bir shaxsni migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgani aniqlangan. U kelishilgan pulning $2,3 ming qismini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro bir shaxsni Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan imtihonlardan ijobiy natija bilan o‘tkazib berishini aytib, $3,5 ming evaziga kelishgani aniqlangan. U kelishilgan puldan $1 mingini firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 140 ta ish o‘rni taklif etilayotgani haqida yozgan edi.