Rossiya xorijiy tashuvchilarning jarima va qarzdorliklarini nazorat qila boshladi

Rossiya Federatsiyasi 2026-yil sentabr oyidan xorijiy avtotransport vositalarining jarima va yo‘l to‘lovlari bo‘yicha qarzdorliklarini avtomatlashtirilgan tartibda nazorat qilishni boshlaydi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Joriy yilning 1-sentabrdan boshlab Rossiya hududiga kirayotgan xorijiy avtotransport vositalari bo‘yicha jarimalar, «Platon» davlat tizimidagi qarzdorliklar hamda pullik avtomobil yo‘llaridan foydalanish bilan bog‘liq to‘lanmagan majburiyatlar avtomatlashtirilgan tartibda tekshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, aniqlangan qarzdorliklar to‘liq bartaraf etilmaguniga qadar mazkur transport vositalarining Rossiya hududida harakatlanishiga ruxsat berilmaydi.
Mazkur talab Rossiya Federatsiyasi hududi orqali tranzit yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan xorijiy tashuvchilarga ham tatbiq etiladi. Shu bois xalqaro yuk tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar va haydovchilarga moliyaviy majburiyatlarini oldindan tekshirib borish tavsiya qilinmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro avtomobil tashuvchilariga Rossiya hududiga kirishdan avval mavjud jarimalar, «Platon» tizimi hamda pullik yo‘llar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirish va ularni belgilangan tartibda to‘liq to‘lash tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Wildberries O‘zbekistonda 300 mln dollarlik logistika markazi ochishi haqida yozgan edik.