O‘zbekistonda elektromobillar soni bir yilda qariyb 68 foizga oshdi

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan elektromobillar soni bir yil ichida 44 mingtaga ko‘payib, 67,5 foizlik o‘sish qayd etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 1-aprel holatida bu ko‘rsatkich 65,2 mingta bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davriga kelib 109,2 mingtaga yetgan.
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 79 851 ta elektromobil ro‘yxatdan o‘tgan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 8 194 ta, Samarqand viloyati 4 525 ta va Xorazm viloyati 3 042 ta elektromobil bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 2 611 ta, Farg‘ona viloyatida 2 231 ta, Navoiy viloyatida 1 756 ta, Buxoro viloyatida esa 1 685 ta elektromobil mavjud. Andijon va Namangan viloyatlarida mos ravishda 1 477 ta va 1 156 ta elektromobil ro‘yxatdan o‘tgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1010 ta, Sirdaryo viloyatida 799 ta, Jizzax viloyatida 517 ta hamda Surxondaryo viloyatida 315 ta elektromobil qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi transport vositalarining necha foizi yengil avtomobillar ekani haqida yozgan edik.