Brent neft narxi 76 dollardan pastladi

eʼlon qilindi
Bu so‘nggi to‘rt oy ichidagi eng past ko‘rsatkich
Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida neft narxlari 4 foizdan ko‘proqqa oshdi
Foto: Getty Images

Brent markali neft narxi $76 dan pastga tushdi. Bu so‘nggi to‘rt oy ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

CNBC ma’lumotiga ko‘ra, Brent nefti 27-fevraldan beri eng past darajaga tushgan. O‘sha sana AQSh va Isroilning Eronga qarshi ilk zarbalaridan oldingi kun bo‘lgan.

WTI nefti ham arzonlashdi

Amerikaning WTI nefti ham arzonlashdi. Uning narxi 1,7 foizga pasayib, bir barrel uchun $71,97 ni tashkil etdi.

Neft narxining pasayishiga Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan tankerlar harakatlana boshlashi mumkinligi haqidagi xabarlar ta’sir qilmoqda.

Tankerlar Hormuz bo‘g‘ozidan chiqishga tayyorlanmoqda

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush sabab to‘xtab qolgan ko‘plab neft tankerlari Hormuz bo‘g‘ozidan chiqishga tayyorlanmoqda.

Avvalroq Xalqaro dengiz tashkiloti Hormuz bo‘g‘ozidan kemalarni evakuatsiya qilish rejasini taqdim etgan edi.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, Fors ko‘rfazida qolib ketgan 11 mingdan ortiq dengizchilar xavfsizlik kafolatlari olingach, Hormuz bo‘g‘ozi orqali chiqishni boshlaydi.

Bo‘g‘oz yopilishi bozorga kuchli ta’sir qilgan edi

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, fevral oxirida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati deyarli to‘xtagani sabab Yaqin Sharqda $125 mlrdlik yuk bilan qariyb 1,2 mingta kema qolib ketgan.

Mojarodan oldin Hormuz bo‘g‘ozi orqali kuniga taxminan 135 ta kema o‘tgan. Ular jahon neft va gaz hajmining beshdan bir qismini tashigan.

Bo‘g‘ozdagi harakatning to‘xtashi energetika bozorlarida keskin tebranishlarga sabab bo‘lgan va neft narxi bir barrel uchun $100 dan oshgan edi.

Ta’minot zanjirlari tiklanishi vaqt oladi

Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylardagi jangovar harakatlar vaqtida 40 dan ortiq kema raketalar bilan zararlangan, 14 nafar dengizchi halok bo‘lgan. Zarar ko‘rgan kemalarning aksariyati tankerlar bo‘lgan.

DHL Global Forwarding Greater China rahbari Aditi Raskvinyaning aytishicha, Hormuz bo‘g‘ozi ochilishi ta’minot zanjirlaridagi muammolarning katta qismini yumshatishi mumkin.

Shu bilan birga, u ta’minot zanjirlari to‘liq tiklanishi uchun vaqt kerak bo‘lishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Eron neftiga sanksiyalarni 60 kunga bekor qilgandi. Bu qaror Vashington va Tehron vakillari o‘rtasida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin qabul qilindi. AQSh Moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, vaqtinchalik litsenziya Eron neftini qazib olish, yetkazib berish va sotishga ruxsat beradi.

Shuningdek