Farg‘ona va Jizzaxda pora talab qilgan muhandislar ushlandi

Elektr ta’minoti korxonalarida ishlovchi ikki muhandisning pora bilan bog‘liq holati fosh etildi.Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Dastlabki holat Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, elektr hisoblagich o‘rnatib ulab berish hamda mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan.
DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan ushbu muhandis talab qilingan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Yana bir holat Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida aniqlangan. Tuman elektr ta’minoti korxonasi muhandisi mahalliy fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan yuzaga kelgan 122 mln so‘mlik qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali yo‘q qilib berishni va’da qilib, buning evaziga 50 mln so‘m talab qilgan. U avval 10 mln so‘m olgan.
DXX va IJQKD xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida muhandis qolgan 40 mln so‘mni olayotgan vaqtida ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, har ikki holat yuzasidan muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq soxta Bosh prokuratura xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edik.