Uch hududda narkotik vositalar aylanmasiga chek qo‘yildi

Qashqadaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida narkotik vositalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Qarshi — Toshkent yo‘nalishida 5 kg dan ortiq gashish aniqlandi
Tezkor tadbirlardan biri «Qarshi — Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Cobalt» rusumli avtomobil YPX maskanida to‘xtatilishi bilan bog‘liq. Tekshiruv davomida avtomobilda Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan fuqaro yo‘lovchi sifatida ketayotgani aniqlangan.

Unga tegishli qo‘l sumkasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, sariq rangli skotch bilan o‘ralgan besh bo‘lakda jami 5 kg 32 gr gashish moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu modda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Buxoroda kannabis yetishtirish holati fosh etildi
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1974-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z xonadoni tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelgani aniqlangan. Shuningdek, mazkur manzildan 7 kg 79 gr marixuana giyohvandlik vositasi ham olingan.

Farg‘onada kuchli ta’sir qiluvchi dorilar olib ketilayotgani aniqlandi
Yana bir holat Farg‘ona viloyatida qayd etildi. «Andijon — Qo‘qon» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lacetti» rusumli avtomobil Bog‘dod tumani hududida to‘xtatilgan.
Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Qo‘qon shahrida yashovchi, 2001 va 1982-yillarda tug‘ilgan fuqarolarga tegishli qoplar ichidan 1200 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilgan.
Shu vaqtning o‘zida «Spark» rusumli avtomobilda ular bilan ketma-ket harakatlanayotgan, 1986-yilda tug‘ilgan sherigi ham qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida mazkur noqonuniy faoliyatga aloqador yana ikki nafar — 1998 va 1980-yillarda tug‘ilgan fuqarolar ham ushlangan. Ulardan jami 345 dona «Tropikamid» va 15 dona «Regapen» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan.
Hozirda uchala holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Farg‘ona va Jizzaxda pora talab qilgan muhandislar ushlangani haqida yozgan edi.