Toshkentda 15-sentabrgacha issiq soatlarda yonilg‘i tashish va quyish cheklanadi

Toshkent shahrida yozgi mavsumdagi yuqori harorat va yong‘in xavfining ortishi sababli 15-sentabrga qadar alohida yong‘in xavfsizligi rejimi joriy etildi. Bu poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 22-iyundagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Mazkur davrda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kuchaytiriladi.
Gaz ballonlari va yonilg‘i bilan bog‘liq cheklovlar kuchaytiriladi
Qarorga muvofiq, bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarida taom tayyorlash uchun maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish muassasalarining tabiiy gaz tarmoqlariga qonunchilik talablarini buzgan holda ulanish holatlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida xavfsizlik choralari kuchaytiriladi. Xususan, kunning eng issiq vaqti hisoblangan soat 11:00 dan 17:00 gacha propan va benzin quyish shoxobchalarida yirik tonnajli transport vositalari hamda katta sig‘imlarda yonilg‘ini tashish, to‘kish va quyish ishlari cheklanadi.
Elektr va gaz tarmoqlari keng ko‘lamda tekshiriladi
Yong‘inlarning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan elektr tarmoqlaridagi nosozliklarning oldini olish maqsadida turar joylar, ko‘p qavatli uylar, bozorlar va savdo markazlarida keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkaziladi. Transformatorlar, elektr taqsimlash qutilari, sim va kabellarning yuklamaga mosligi hamda texnik holati o‘rganiladi.
Shuningdek, aholi tomonidan qo‘lbola saqlagichlar va me’yordan yuqori quvvatga ega himoya avtomatlaridan foydalanish holatlariga chek qo‘yilishi rejalashtirilgan. Zarurat tug‘ilganda eskirgan va shikastlangan elektr kabellari almashtiriladi.
Turar joylardagi gaz tarmoqlari, suv isitish moslamalari, mo‘rilar va ventilyatsiya tizimlarini ham ko‘zdan kechiriladi. Nosoz yong‘in gidrantlari va suv havzalari aniqlanib, ularni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Mahallalarda profilaktika ishlari va nazorat kuchayadi
Rejim davomida mahallalarda aholi bilan xonadonma-xonadon tushuntirish ishlari olib boriladi. Fuqarolarga elektr jihozlari, konditsionerlar va gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari haqida ma’lumot beriladi.
Shuningdek, yong‘in-qutqaruv texnikalari, tez yordam mashinalari va boshqa maxsus transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy shlagbaumlar hamda boshqa sun’iy to‘siqlar aniqlanib, olib tashlanadi.
Bundan tashqari, ochiq hududlarda qurigan o‘t-o‘lanlar va maishiy chiqindilarni tozalash ishlari jadallashtiriladi. Yozgi kunduzgi oromgohlar tashkil etilgan 47 ta maktabda bolalar xavfsizligini ta’minlash hamda yong‘in va boshqa favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 464 ta «zapravka» faoliyati vaqtincha cheklanishi haqida yozgandi.