
Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi o‘yinlari yuzasidan fikr bildirib, jamoa tarkibi va futbolchilarning maydondagi harakatlarini tanqid qildi. Bu haqda Telegram kanalida yozib qoldirdi.
Uning ta’kidlashicha, futbolchilar har bir uchrashuvda nafaqat natija, balki mamlakat sha’ni va o‘z obro‘si uchun ham kurashishi kerak. Qodirov ayrim bahslarda raqiblar mutlaq ustun bo‘lmaganiga qaramay, terma jamoa safida yetarli darajada ishtiyoq va fidoyilik sezilmaganini qayd etdi.
Siyosatchi terma jamoani bosqichma-bosqich yoshartirish tarafdori ekanini bildirib, istiqbolli futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berish zarurligini aytdi. Uning fikricha, Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev va Behruz Asqarov kabi yoshlar atrofida kelajak jamoasini shakllantirish mumkin.
Qodirov, shuningdek terma jamoada ishonchli darvozabonlar masalasi ham dolzarb bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Uningcha, hozirgi tarkib bilan qisqa muddatli yirik natijalarni ko‘zlashdan ko‘ra, keyingi Jahon chempionati saralash bosqichlari uchun raqobatbardosh jamoa tayyorlash muhimroq.
Uning baholashicha, O‘zbekiston terma jamoasi hali Osiyoning eng kuchli futbol davlatlari qatoriga to‘liq qo‘shilish uchun ma’lum jihatlarda o‘sishga ehtiyoj sezmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Portugaliyaga yirik hisobda imkoniyatni boy bergani haqida yozgandi.