Apple kompaniyasi App Store’dan VK ilovalarini olib tashladi

Apple kompaniyasi App Store’dan Rossiyaning VK xoldingi xizmatlariga tegishli bir qator ilovalarni olib tashladi. Ilovalar 25-iyun kuni do‘kondan yo‘qolgan bo‘lib, VK bu qaror Apple tomonidan bir tomonlama va oldindan ogohlantirishsiz qabul qilinganini bildirdi.
App Store’dan «Dzen», VK Video, VK Music, VK Messenger, Mail, VK Dating, «Odnoklassniki», shuningdek, «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ining asosiy ilovasi olib tashlangan.
VK matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kompaniya hech qachon sanksiyalar ostida bo‘lmagan va sanksiya ro‘yxatlariga kiritilmagan. Xolding bu holat xalqaro va amerikalik yuristlar xulosalari bilan tasdiqlanishini ta’kidladi.
«VK hech qachon sanksiyalar ostida bo‘lmagan va sanksiya ro‘yxatlarida qayd etilmagan. Buni xalqaro va amerikalik yuristlarning ko‘plab xulosalari tasdiqlaydi. Rasmiy huquqiy xulosalar va barcha zarur ma’lumotlar allaqachon Apple ixtiyorida bo‘lgan», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Rasmiylar nima deydi
«Rostelekom» rahbari Mixail Oseyevskiy Apple’ning bu qarorini «mutlaqo do‘stona bo‘lmagan qadam» deb atagan. Rossiya raqamli rivojlanish vaziri Maksut Shadayevning aytishicha, mamlakatda foydalanuvchilarning 25–30 foizi iOS qurilmalaridan foydalanadi, Max messenjeriga kirish imkoniyatidan esa 20 mln nafardan ortiq rossiyalik mahrum bo‘lgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov VK mahsulotlarining App Store’dan olib tashlanishi Apple servisi ishonchliligi va unga tijorat xizmatlari yetkazib beruvchisi sifatida qanchalik ishonish mumkinligi haqida savol tug‘dirishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Apple’dan izoh kutmoqda.
«Agar izoh bo‘lmasa, bu kompaniya bilan hamkorlikni davom ettirish borasida xulosa chiqarish kerak bo‘ladi», — dedi Peskov.
Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi Apple qurilmalarida standart qidiruv tizimini tanlash va Rossiya ilovalar do‘konini oldindan o‘rnatish imkoniyati berilmayotganini ham tanqid qildi. Shu munosabat bilan vazirlik Federal monopoliyaga qarshi xizmatga ushbu holatlarni tezkor tartibda ko‘rib chiqish so‘rovi bilan murojaat qilgan.
Avvalroq «Kursiv» Apple Rossiyaning MAX messenjerini App Store’dan olib tashlagani haqida yozgan edi.