
Jahon chempionati «D» guruhi 3-turida Paragvay va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda hisob ochilmadi. Santa-Klaradagi Levi’s Stadium’da kechayotgan bahs har ikki jamoa uchun pley-off yo‘llanmasi nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega edi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida Avstraliya faolroq harakat qildi. Jamoa to‘pga ko‘proq egalik qildi, hujumlarni asosan o‘ng qanot orqali tashkil etdi va Paragvay himoyasini bosim ostida ushlab turdi. Ayniqsa, Jordan Bos va Kristian Volpato tandemining qanotdagi harakatlari avstraliyaliklarga bir necha bor imkoniyat yaratdi.

4-daqiqada Jekson Irvayn darvozaga xavfli zarba berdi, biroq Paragvay darvozaboni Orlando Gill to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik Bos ham pastdan zarba yo‘lladi, ammo uning urinishi ham darvozabon uchun jiddiy muammo tug‘dirmadi.
Paragvay esa birinchi bo‘limda hujumda deyarli ko‘rinmadi. Jamoa ko‘proq himoyaga e’tibor qaratdi va to‘p yo‘qotilgan zahoti besh himoyachili chiziqqa o‘tib, raqib hujumlarini to‘xtatishga urindi. Paragvayning asosiy umidi Xulio Ensisoga bog‘liq bo‘ldi, ammo Avstraliya himoyachilari unga yetarlicha erkinlik bermadi.
Birinchi bo‘lim golsiz yakunlandi. Statistik jihatdan Avstraliya yaqqol ustunlik qildi: to‘pga egalik qilish, zarbalar soni, aniq zarbalar va burchak zarbalari bo‘yicha Socceroos raqibidan oldinda bo‘ldi. Shunga qaramay, jamoa ustunlikni golga aylantira olmadi.
Ikkinchi bo‘lim

Ikkinchi bo‘lim boshida Paragvay tarkibida o‘zgarish bo‘ldi. Aleksandro Maydana o‘rniga Maurisio maydonga tushdi. 51-daqiqada Paragvay uchrashuvdagi ilk aniq zarbasini amalga oshirdi: Ensiso uzoq masofadan zarba berdi, biroq to‘p Avstraliya darvozaboni Patrik Bichning qo‘liga borib tushdi.
49-daqiqada esa Avstraliya penalti ishlashga yaqin keldi. Nestori Irankunda jarima maydonida Omar Alderete bilan kurashda yiqildi, ammo hakam vaziyatda qoidabuzarlik ko‘rmadi. Takroriy lavhalarda kontakt bo‘lgani ko‘rinsa-da, penalti belgilash uchun yetarli asos topilmadi.
«D» guruhidagi holat

Ikkinchi o‘rinni Avstraliya egalladi. Jamoa 3 ta uchrashuvda 4 ochko to‘pladi va to‘plar nisbatidagi ustunlik hisobiga Paragvaydan yuqoriroq joylashdi. Paragvay ham 4 ochko jamg‘ardi, biroq to‘plar farqi yomonroq bo‘lgani uchun uchinchi pog‘onada qoldi.
Turkiya esa guruh bosqichini 3 ochko bilan so‘nggi o‘rinda yakunladi. Turkiyaliklar 3 ta o‘yinda 1 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat qayd etib, Jahon chempionatidagi ishtirokini yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaponiya Shvetsiya bilan durang o‘ynab, guruhda ikkinchi o‘rinni egallagani haqida yozgan edi.