OpenAI IPO’ni 2027-yilga qoldirishi mumkin

eʼlon qilindi
Hali foydaga chiqmagan va yangi data-markazlar uchun katta mablag‘ sarflayotgan startap uchun bunday baholash juda katta ko‘rsatkich bo‘ladi
OpenAI IPO’ni 2027-yilga qoldirishi mumkin
Foto: Unsplash

ChatGPT ishlab chiquvchisi OpenAI birlamchi ommaviy joylashtiruvni 2027-yilga qoldirish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda NYT manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, OpenAI’ga IPO bo‘yicha maslahat berayotgan bankirlar kompaniya rahbariyatiga texnologik aksiyalar bozoridagi beqarorlik va SpaceX aksiyalari dinamikasini hisobga olishni tavsiya qilgan. Ularning fikricha, bozordagi hozirgi vaziyat chakana investorlarning OpenAI aksiyalariga bo‘lgan qiziqishini pasaytirishi mumkin.

Asosiy omillardan biri sifatida SpaceX aksiyalarining IPO’dan keyingi harakati keltirilmoqda. Kompaniya aksiyalari savdolarning birinchi kunida $150 dan ochilgan, keyin bir necha kun ichida $202 gacha ko‘tarilgan. Biroq keyinchalik ular deyarli boshlang‘ich darajaga qaytib, 26-iyun kuni savdolar yakunida $153 ni tashkil qilgan.

NYT yozishicha, so‘nggi haftalarda jahon fond bozorlari ham beqaror bo‘lib turibdi. Texnologik kompaniyalar aksiyalari indekslarga bosim o‘tkazmoqda, investorlar esa sun’iy intellekt kompaniyalari infratuzilma uchun qilayotgan katta xarajatlarini oqlay oladimi, degan savolni tobora ko‘proq bermoqda.

Kompaniya qanday yo‘l tutmoqchi

OpenAI maslahatchilari kompaniya rahbariyatiga ikki variantni taklif qilgan. Birinchi variant — 2027-yilgacha kutish va birjaga $1 trln baholanish bilan chiqish. Ikkinchisi esa IPO’ni tezroq o‘tkazish uchun maqsadli baholashni pasaytirish.

Nashr suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, OpenAI bosh direktori Sem Altman bilan bu masala shaxsan muhokama qilingan. Aytilishicha, Altman $1 trlnlik baholashdan voz kechish yoki uni pasaytirish variantini maqbul deb hisoblamagan.

Avvalroq OpenAI 9-iyun kuni AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga IPO o‘tkazish uchun maxfiy tarzda hujjat topshirgani xabar qilingandi. NYT manbalariga ko‘ra, kompaniya 2026-yilning uchinchi yoki to‘rtinchi choragidayoq birjaga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqqan hamda bu jarayonga bankirlar va yuristlarni jalb qilgan.

OpenAI’ning so‘nggi xususiy bahosi $730 mlrd atrofida bo‘lgan. Agar kompaniya IPO’ga $1 trln baholanish bilan chiqsa, bu uning bozor qiymatini Walmart kapitalizatsiyasidan ham yuqoriga olib chiqishi mumkin. Biroq NYT ta’kidlashicha, hali foydaga chiqmagan va yangi data-markazlar uchun katta mablag‘ sarflayotgan startap uchun bunday baholash juda katta ko‘rsatkich bo‘ladi.

Avvalroq «Kursiv» OpenAI kompaniyasi IPO uchun maxfiy ariza topshirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek