Venesueladagi zilzilalar qurbonlari soni 235 nafarga yetdi

eʼlon qilindi
Tabiiy ofat oqibatida 4,3 ming nafardan ortiq jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan
Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 235 nafarga yetdi
Foto: Getty Images

Venesuelada yuz bergan kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 235 nafarga yetdi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Karlos Alvarado davlat telekanali orqali ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 4,3 ming nafardan ortiq jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning aksariyati yengil tan jarohati olgan bo‘lsa, og‘ir va o‘rta og‘ir ahvoldagi bemorlar ham bor. Ko‘plab jarohatlanganlarga shoshilinch jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 235 nafar fuqaro voqea joyida yoki shifoxonaga olib kelingach vafot etgan.

So‘nggi 100 yildagi eng vayronkor zilzila

24-iyun kuni kechqurun Venesuela poytaxti Karakasdan taxminan 160 kilometr uzoqlikdagi hududda magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi.

AQSh Geologik xizmati ushbu zilzilalarni Venesuelada so‘nggi 100 yil ichidagi eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri deb baholadi. Dastlab mutaxassislar qurbonlar soni 10 ming nafardan oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Zilzila ortidan Venesuela hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi. Hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Venesueladagi kuchli zilzila oqibatida qurbonlar soni 100 mingga yetishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek