Bog‘cha tarbiyachilari uchun dual bakalavriat yo‘lga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab
Bog‘cha tarbiyachilari uchun dual bakalavriat yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual bakalavriat tizimi joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarorida keltirib o‘tildi.

Unga ko‘ra, davlat va nodavlat bog‘chalarda kamida uch yil ishlagan tarbiyachilar ishidan ajralmagan holda oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ta’lim va ish bir vaqtda olib boriladi

Yangi tizimga ko‘ra, pedagoglar haftaning bir kunida pedagogika oliy ta’lim muassasasida nazariy mashg‘ulotlarda qatnashadi, qolgan besh kun esa o‘z ish joyida amaliy faoliyatini davom ettiradi. O‘qish to‘lov-shartnoma asosida tashkil etiladi, qabul esa amaldagi test sinovlari orqali amalga oshiriladi. Har bir hudud uchun qabul kvotalari ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi.

Maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi bakalavriat dasturlariga bolalarda zamonaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha fanlar kiritiladi. Bundan tashqari, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilimlari har yili tashqi diagnostika orqali baholab boriladi.

Kasbiy sertifikatlash imkoniyati yaratiladi

2028/2029-o‘quv yilidan boshlab xalqaro ta’lim dasturlarini tamomlayotgan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi bilan bir vaqtda kasbiy sertifikatlash imtihonini bepul topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dual ta’limda o‘qiyotgan pedagoglar esa ishidan ajralmagan holda faoliyat yuritadi va ular uchun alohida malaka oshirish kurslari talab etilmaydi.

15 ta oliygohda yo‘lga qo‘yiladi

Dual bakalavriat dasturi respublikadagi 15 ta pedagogika oliy ta’lim muassasasida joriy etiladi. Ular orasida O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch, Termiz, Chirchiq, Namangan, Guliston, Jizzax, Shahrisabz va Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutlari, shuningdek Navoiy hamda Qo‘qon davlat universitetlari bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oliy toifali o‘qituvchilar maqsadli magistraturaga qabul qilinishi haqida yozgandi.

Shuningdek