Redtag va FLO O‘zbekiston bozorini tark etmoqda

O‘zbekistonda Redtag kiyim do‘konlari tarmog‘i hamda FLO poyabzal do‘konlari faoliyatini yakunlamoqda. Har ikki tarmoqda ham qolgan mahsulotlarni sotib tugatish bo‘yicha yirik chegirmalar e’lon qilingan.
Redtag do‘konlari yopilmoqda

Redtag O‘zbekistonda qariyb 13 yil faoliyat yuritdi. Brend mamlakat bozoriga kirib kelgan vaqtda ko‘pchilik kiyim-kechakni asosan bozorlar va savdo rastalaridan xarid qilardi.
Redtag esa xaridorlarga keng savdo zallari, qulay joylashtirilgan mahsulotlar, kiyimni xotirjam kiyib ko‘rish va bank kartasi orqali to‘lov qilish imkoniyatini taklif qilgan ilk ommaviy fashion tarmoqlardan biri bo‘ldi.
Narxlar bozordagidan yuqoriroq bo‘lsa-da, butik do‘konlarga qaraganda ancha arzon edi. Shu sababli Redtag bozorlar va qimmat do‘konlar o‘rtasidagi segmentda o‘z auditoriyasini shakllantira oldi.
Filiallarda sotib tugatish aksiyalari boshlandi
Redtag’ning ayrim filiallari allaqachon yopilgan yoki yopilish arafasida. Buxoro, Next, Salom, Riviera kabi filiallarda sotib tugatish aksiyalari o‘tkazilmoqda.
So‘nggi e’lonlarga ko‘ra, Redtag Samarqand Darvoza do‘konining oxirgi ish kuni 2026-yil 28-iyun, Redtag Compass do‘konining oxirgi ish kuni esa 30-iyun etib belgilangan.
Redtag Sayram filiali esa hozircha odatdagi ish tartibida faoliyatini davom ettirayotgani ma’lum qilingan.
Narxlar pasaytirilgan
Tarmoqda «to‘liq sotib tugatish» doirasida katta chegirmalar berilmoqda.
Shuningdek, filiallarda «2 ta mahsulot xarid qiling, yana 2 tasini bepul oling» kabi aksiyalar ham o‘tkazilmoqda.
FLO ham O‘zbekistondan ketmoqda

Redtag bilan bir qatorda FLO poyabzal do‘konlari tarmog‘i ham O‘zbekiston bozorini tark etmoqda. FLO do‘konlarida ham qolgan mahsulotlarni sotib tugatish bo‘yicha chegirmalar boshlangan.
FLO Salom filiali avvalroq yopilishi e’lon qilingandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, FLO Riviera filialining oxirgi ish kuni 2026-yil 28-iyun, FLO Sayram va Compass filiallarining oxirgi ish kuni esa 30-iyun etib belgilangan.
FLO Qoratosh va Next filiallari esa hozircha odatdagi tartibda ishlashda davom etayotgani aytilgan.
Kompaniya nega yopilayotgani aytilmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, Redtag tarmog‘ini boshqargan kompaniya so‘nggi yillarda brend tanilganiga, filiallar kengayganiga va doimiy xaridorlar bo‘lganiga qaramay, foydaga chiqa olmagan.
Shu sababli tarmoqdagi mahsulot qoldiqlari sotib tugatilmoqda, ayrim xodimlar esa yangi ish joyi izlayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Wolt O‘zbekistonni tark etayotgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, platforma 2026-yil 4-martgacha ishlashda davom etadi. Qaror kompaniyaning xalqaro faoliyatini qayta ko‘rib chiqish jarayonidan so‘ng qabul qilingan. Wolt o‘z resurslarini barqaror o‘sish va uzoq muddatli rivojlanish imkoniyati yuqori bo‘lgan bozorlarga yo‘naltirishni maqsad qilgan.