Hayotni tanla: Inkuzart giyohvandlik reklamalariga qarshi yangi mural yaratdi

Ko‘cha rassomi Inkuzart Toshkentda giyohvand moddalar reklamalariga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan yangi ijodiy ishini taqdim etdi. Bu haqda Telegram kanalida video e’lon qildi.
Rassom e’lon qilgan videoda devorga yopishtirilgan, Telegram orqali yuqori maoshli «ish» taklif qiluvchi reklama aks etgan. Bunday e’lonlar odatda odamlarni giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga jalb qilish uchun qo‘llaniladi.
Noqonuniy reklama ijtimoiy murojaatga aylantirildi
Inkuzart ushbu reklamani bo‘yab, uning o‘rniga qizil bo‘yoq bilan «Hayotni tanla» deb yozayotgan bolaning tasvirini chizgan. Shu tariqa giyohvandlikni targ‘ib qiluvchi e’lon hayotni, sog‘lom tanlovni va xavfli yo‘ldan voz kechishni targ‘ib qiluvchi ijtimoiy murojaatga aylantirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda
Yangi mural rassomning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi va qisqa vaqt ichida foydalanuvchilar e’tiborini tortdi. Ko‘pchilik uning g‘oyasi va jamiyat uchun muhim ijtimoiy mazmunini yuqori baholagan.
*Mural — bu bino yoki boshqa katta yuzalarning tashqi yoki ichki devoriga chiziladigan katta hajmdagi badiiy devoriy rasm.
Inkuzart kim?
Inkuzart — O‘zbekistondagi ilk anonim ko‘cha rassomlaridan biri bo‘lib, uning asl ismi Abdurahmon. U 2020-yil bahorida ijodiy faoliyatini boshlagan va dastlabki asarlarini koronavirus pandemiyasi mavzusiga bag‘ishlagan.
Keyinchalik Abdurahmon Toshkent devorlarida jamiyatdagi dolzarb muammolar, ijtimoiy adolat, ekologiya va boshqa muhim mavzularni yorituvchi devoriy rasmlari bilan keng tanildi. Uning ishlari ko‘pincha jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ladi.
Rassom o‘z shaxsini uzoq vaqt sir saqlagani bois u «Tungi rassom», «Ko‘cha rassomi» va «Chilonzorlik Benksi» nomlari bilan ham tanilgan. Inkuzartning asarlari san’at orqali jamiyatga muhim ijtimoiy xabarlarni yetkazishga qaratilgani bilan ajralib turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metropolitenida taksi xizmati Uklon va ko‘cha rassomi Inkuzart ishtirokida o‘tkazilgan reklama aksiyasi kutilmagan yakun topgani haqida yozgandi.