Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda agropark qurishga qiziqmoqda

Malayziyaning Farm Fresh @ UPM kompaniyasi O‘zbekistonda chorvachilik va agroturizm majmuasini tashkil etish imkoniyatini o‘rganishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Farm Fresh @ UPM kompaniyasi direktori Azmi bin Zaynal bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda Malayziya tajribasi asosida chorvachilik, agroturizm, umumiy ovqatlanish va ta’lim dasturlarini birlashtirgan majmua tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sut mahsuldorligi haqida ma’lumot berildi
Uchrashuvda kompaniya vakillari Malayziyada sut sanoatining rivojlanishi va qoramol zotlarini mahalliy iqlimga moslashtirish tajribasi haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanishicha, kompaniya fermalarida bir bosh sigirdan o‘rtacha kuniga 18–20 litr sut olinadi.
Taklif direktorlar kengashida ko‘rib chiqilishi mumkin
Farm Fresh vakillari O‘zbekistonda bunday loyihani amalga oshirish taklifini mutaxassislar ishtirokida o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, loyiha kompaniya direktorlar kengashi darajasida ham ko‘rib chiqilishi mumkinligi qayd etildi.
Kompaniya haqida
Farm Fresh @ UPM Malayziya Putra universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan agropark hisoblanadi. U chorvachilik, agroturizm, ovqatlanish va ta’lim yo‘nalishlarini birlashtiradi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu majmuaga har yili 300 minggacha kishi tashrif buyuradi. Shuningdek, u talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida ham foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Malayziya agrosohada investitsiya qo‘mitasini tuzishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, kelishuv Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabuning Toshkentga rasmiy tashrifi doirasida erishildi. U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan uchrashdi.