Oshpazlikdan hosteslikkacha: Qatar Airways o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilmoqda

eʼlon qilindi
Ingliz tilida erkin muloqot qila olish ko‘nikmasi tlab etiladi
Qatar Airways o‘zbekistonliklar uchun bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qildi / Foto: AeroTime

Qatar Airways kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini Qatar Duty Free va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha turli lavozimlarga ishga taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Vakant ish o‘rinlari orasida ovqatlanish xizmati yordamchisi, kichik barista, barista, barmen, mehmonlarni kutib oluvchi (hostes), ovqatlanish xizmati jamoasi yetakchisi, ovqatlanish xizmati nazoratchisi, kassa yordamchisi, savdo bo‘yicha yordamchi, katta savdo yordamchisi, do‘kon nazoratchisi, navbatchi menejer, oshpaz yordamchisi, oshpaz, kichik souschi oshpaz, souschi oshpaz hamda nemis, ispan va italyan tillarini biluvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatish agenti lavozimlari mavjud.

Nomzodlar kamida o‘rta maktab ma’lumotiga ega bo‘lishi, 18 yoshdan katta bo‘lishi va ingliz tilida erkin muloqot qila olishi kerak. Har bir vakant lavozim uchun qo‘shimcha talablar alohida belgilangan bo‘lib, ular bilan Qatar Airways kompaniyasining rasmiy sayti orqali tanishish mumkin.

Oylik ish haqi miqdori ish beruvchi va nomzod o‘rtasidagi suhbat yakunlariga ko‘ra belgilanadi. Shu bilan birga, kompaniya O‘zbekiston–Qatar aviachiptasi, ishchi vizasi, xizmat transporti, umumiy turar joy, har yili vatanga borib-kelish aviachiptasi, Qatar Airways reyslari uchun chegirmali aviachiptalar hamda tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplaydi.

Arizalar Qatar Airways kompaniyasining rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinadi. Nomzodlar o‘zlari qiziqqan lavozim bo‘yicha talablar bilan tanishib, bevosita onlayn tarzda murojaat yuborishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya o‘zbekistonlik shifokorlarni 5 ming dollargacha oylik beradigan ishga taklif qilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek