Gulnora Karimovadan undirilgan pullar evaziga 231 ta tug‘uruqxona zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi

eʼlon qilindi
Loyihaga jami $43,5 million yo‘naltirilgan
Xorijdan qaytarilgan aktivlar hisobidan 231 ta tug‘uruqxona zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning xorijdan qaytarilgan aktivlari hisobidan moliyalashtirilgan dastur doirasida respublikadagi 231 ta tug‘uruqxona zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi esa malaka oshirish kurslarida qatnashdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil aprel oyida Gulnora Karimova tomonidan oʻzlashtirilgan $95 mln Shveysariyadan Oʻzbekistonga qaytarildi. Karimovadan ayni paytgacha mamlakatga kelib tushgan $87 million ta’lim va tibbiyotni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgani aytildi. Bundan $43,5 mln mablag‘ perinatal markazlarida onalar va bolalar o’limini qisqartirish loyihasiga , ta’lim uchun esa $23,5 mln ajratilgan. Ikkinchi komponent doirasida maktab infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $20 mln ajratiladi.

Loyihaga $43,5 mln yo‘naltirildi

2023-yil sentabr oyida boshlangan dastur UNICEF, UNFPA va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida amalga oshirildi. Loyihaga jami $43,5 million yo‘naltirilgan.

Mablag‘lar xorijdan qaytarilgan aktivlarni boshqaruvchi «Ishonch» jamg‘armasi (Uzbekistan Vision 2030) orqali taqsimlangan.

$31 mlnlik tibbiy uskunalar xarid qilindi

Dastur doirasida perinatal muassasalar uchun $31 million evaziga zamonaviy inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish tizimlari, anesteziya uskunalari va boshqa zarur tibbiy jihozlar xarid qilindi.

Shuningdek, shifokor va hamshiralar uchun ilg‘or perinatal parvarish, yuqori xavfli homiladorliklarni boshqarish hamda laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

4 milliondan ortiq aholiga ta’sir ko‘rsatdi

Loyiha doirasida onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam sifatini oshirish maqsadida 49 ta klinik xavfsizlik protokoli ishlab chiqildi va yangilandi. Aholi orasida homiladorlik davrida muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishning ahamiyati bo‘yicha axborot kampaniyalari ham o‘tkazildi.

Natijada 4 milliondan ortiq fuqaro sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dastur amalga oshirilgan davrda onalar o‘limi 14,5 foizga kamaygan, kam vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi esa taxminan 13 foizga yaxshilangan.

Loyiha yakunlari yuzasidan fikr bildirgan Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy qaytarilgan aktivlardan foydalanishda shaffoflik va hisobdorlik muhim tamoyil ekanini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri BAA kompaniyasi O‘zbekistonda zamonaviy shifoxonalar qurishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek