Redtag’ning O‘zbekistondan ketishi, Inkuzatdan ijtimoiy ijod namunasi, Husanov va Ronaldu suhbati — 26-iyun yangiliklari

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 26-iyun kuni mahalliy va xalqaro maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi
26-iyun yangiliklari
Foto: depositphotos.com

Kursiv Uzbekistan 26-iyun kuni mahalliy va xalqaro maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.

Tramp ma’muriyati migrantlarga boshpana bermaslik huquqini oldi

AQSh Oliy sudi Tramp ma’muriyatiga Meksika bilan chegarada boshpana so‘ramoqchi bo‘lgan migrantlarni AQSh hududiga kiritmasdan turib qaytarishga ruxsat berdi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Sud qarori nimani anglatadi

Oliy sud 6 ga 3 ovoz bilan qabul qilgan qarorida boshpana so‘rash huquqi migrant AQSh hududiga to‘liq kirganidan keyin yuzaga kelishini bildirdi.

Sudning konservativ ko‘pchiligi fikricha, Meksika tomonida turgan va AQSh hududiga kira olmagan migrantlar «AQShga yetib kelgan» hisoblanmaydi.

Bu qaror Tramp ma’muriyatiga avvalgi «turn-back» siyosatini qayta tiklash imkonini beradi. Ushbu siyosat doirasida boshpana so‘rovchilar AQSh hududiga qadam qo‘yishidan oldin to‘xtatiladi.

Ijtimoiy himoya muassasalari xodimlari 120 foizgacha ustama oladi

Ijtimoiy himoya muassasalari xodimlari 120 foizgacha ustama oladi. Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tartib ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari, Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlariga taalluqli.

Shuningdek, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylardagi ayrim lavozimlar ham ushbu tartibga kiradi.

Bog‘cha tarbiyachilari uchun dual bakalavriat yo‘lga qo‘yiladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual bakalavriat tizimi joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarorida keltirib o‘tildi.

Unga ko‘ra, davlat va nodavlat bog‘chalarda kamida uch yil ishlagan tarbiyachilar ishidan ajralmagan holda oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi tizimga ko‘ra, pedagoglar haftaning bir kunida pedagogika oliy ta’lim muassasasida nazariy mashg‘ulotlarda qatnashadi, qolgan besh kun esa o‘z ish joyida amaliy faoliyatini davom ettiradi. O‘qish to‘lov-shartnoma asosida tashkil etiladi, qabul esa amaldagi test sinovlari orqali amalga oshiriladi. Har bir hudud uchun qabul kvotalari ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi.

Redtag va FLO O‘zbekiston bozorini tark etmoqda

O‘zbekistonda Redtag kiyim do‘konlari tarmog‘i hamda FLO poyabzal do‘konlari faoliyatini yakunlamoqda. Har ikki tarmoqda ham qolgan mahsulotlarni sotib tugatish bo‘yicha yirik chegirmalar e’lon qilingan.

Redtag O‘zbekistonda qariyb 13 yil faoliyat yuritdi. Brend mamlakat bozoriga kirib kelgan vaqtda ko‘pchilik kiyim-kechakni asosan bozorlar va savdo rastalaridan xarid qilardi.

Redtag esa xaridorlarga keng savdo zallari, qulay joylashtirilgan mahsulotlar, kiyimni xotirjam kiyib ko‘rish va bank kartasi orqali to‘lov qilish imkoniyatini taklif qilgan ilk ommaviy fashion tarmoqlardan biri bo‘ldi.

Hayotni tanla: Inkuzart giyohvandlik reklamalariga qarshi yangi mural yaratdi

Ko‘cha rassomi Inkuzart Toshkentda giyohvand moddalar reklamalariga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan yangi ijodiy ishini taqdim etdi. Bu haqda Telegram kanalida video e’lon qildi.

Rassom e’lon qilgan videoda devorga yopishtirilgan, Telegram orqali yuqori maoshli «ish» taklif qiluvchi reklama aks etgan. Bunday e’lonlar odatda odamlarni giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga jalb qilish uchun qo‘llaniladi.

Asqar Akayev: Karimovga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lardim

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov haqida fikr bildirib, unga Qirg‘izistonda haykal qo‘ygan bo‘lishini aytdi. Bu haqda u yaqinda e’lon qilingan podkastda gapirgan.

Akayevning fikricha, Karimov davrida O‘zbekistonning tashqi dunyoga nisbatan yopiqroq iqtisodiy siyosati Qirg‘iziston va Qozog‘iston tadbirkorlari uchun imkoniyat yaratgan.

Bitkoin narxi 21 oylik minimumga tushdi — sabablar

Bitkoin narxi payshanba kuni ilk bor 21 oylik eng past darajaga tushdi. Forbesga ko‘ra, bunga kripto bozoridagi umumiy pasayish va yaqin kunlarda muddati tugaydigan yirik opsion bitimlari sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, investorlar so‘nggi vaqtda sun’iy intellekt bilan bog‘liq kompaniyalar aksiyalari va yirik texnologik kompaniyalar joylashtiruvlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Bu esa qisqa muddatda Bitkoin jozibadorligini pasaytirgan.

Husanov Ronaldu bilan nima haqida gaplashgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Portugaliya bilan o‘yinda Krishtianu Ronaldu bilan nima haqida gaplashgani yuzasidan izoh berdi. Bu haqda sport sharhlovchisi Davron Fayziyev ma’lum qildi.

Fayziyevning aytishicha, ko‘pchilik Husanov va Ronaldu o‘rtasidagi suhbat mazmuni bilan qiziqqani uchun u futbolchining o‘zidan buni aniqlashtirgan. Husanov videoga tushishni yoqtirmagani sababli uning roziligi bilan suhbatning umumiy mazmuni aytib berilgan.

Husanovga ko‘ra, u Ronaldu bilan o‘yin davomida bir necha bor muloqot qilgan. Suhbatlar asosan maydondagi vaziyatlar va bahsli epizodlar haqida bo‘lgan.

«Aynan videodagi holatda nima haqida gaplashganimizni aniq eslay olmayman. Masalan, bizning golimizdan keyin biroz bahslashdik. U fol dedi, men esa Abbos (Abbosbek Fayzullayev) qo‘pol o‘ynamaydi, deb aytdim. Har safar yaxshi, do‘stona gaplashdik», – degan Husanov.

Gulnora Karimovadan undirilgan pullar evaziga 231 ta tug‘uruqxona zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning xorijdan qaytarilgan aktivlari hisobidan moliyalashtirilgan dastur doirasida respublikadagi 231 ta tug‘uruqxona zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi esa malaka oshirish kurslarida qatnashdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil aprel oyida Gulnora Karimova tomonidan oʻzlashtirilgan $95 mln Shveysariyadan Oʻzbekistonga qaytarildi. Karimovadan ayni paytgacha mamlakatga kelib tushgan $87 million ta’lim va tibbiyotni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgani aytildi. Bundan $43,5 mln mablag‘ perinatal markazlarida onalar va bolalar o’limini qisqartirish loyihasiga , ta’lim uchun esa $23,5 mln ajratilgan. Ikkinchi komponent doirasida maktab infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $20 mln ajratiladi.

Sizlarni jonkuyar do‘st deb bilaman — prezident jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabrikladi

O‘zbekistonda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev soha vakillariga tabrik yo‘lladi va jurnalistlarni o‘zi uchun doimiy maslakdosh va jonkuyar do‘st deb bilishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, joriy yilda ushbu sana milliy matbuot tarixidagi muhim sanalar bilan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, jadidlar tomonidan «Taraqqiy» gazetasi tashkil etilganiga 120 yil, O‘zbekistonda radioeshittirishlar ilk bor tajriba tariqasida uzatilganiga esa 100 yil to‘ldi.

Shuningdek