Maxsus komissiya Toshkentdagi chang-to‘zondan ogohlantirdi

eʼlon qilindi
Kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi mumkin
Foto: ochiq manba

Bugun Toshkent shahrida nam havo massalari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Kunning ikkinchi yarmida esa yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Shamol kuchayishi mumkin

Prognozlarga ko‘ra, shamol tezligi 3–8 m/s atrofida bo‘ladi. Ayrim hududlarda esa shamol 10–12 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Shamol kuchaygan vaqtda ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.

Havoda chang miqdori vaqtincha ortadi

Chang-to‘zonlar sabab atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori, ayniqsa, PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatga oshishi mumkin.

Biroq bu holat vaqtinchalik bo‘lishi kutilmoqda. Kunning ikkinchi yarmida yog‘ingarchilik kuzatilsa, havo asta-sekin tozalanadi.

Mutaxassislar shamol kuchaygan paytda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya va yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari bor fuqarolarga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda.

Maxsus komissiya zarurat bo‘lmasa, uzoq vaqt ochiq havoda yurmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqobdan foydalanishni tavsiya etadi.

Eslatib o‘tamiz, dam olish kunlari O‘zbekistonda havo 41 darajagacha isishi xabar qilingandi. Faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Shuningdek