Toshkent va Ammon o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda

Toshkent va Iordaniya poytaxti Ammon shaharlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, ilk reys 30-iyunga rejalashtirilgan.
Iordaniyada yangi aviaqatnovlar boshlanishi munosabati bilan O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda Iordaniya turizm sohasi vakillari, yirik turoperatorlar, mehmonxona biznesi rahbarlari hamda «Royal Jordanian Airlines» aviakompaniyasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Ziyorat turizmiga qiziqish bildirildi
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Iordaniya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda yurtimizdan yetishib chiqqan islom ulamolari va mutafakkirlar merosi, muqaddas qadamjolar hamda xorijlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
Ilk reys 30-iyunga belgilangan
«Royal Jordanian Airlines» aviakompaniyasining Toshkentga ilk muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozi 30-iyun kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jadvalga ko‘ra, RJ196 reysi Ammon xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan 22:50 da uchib, keyingi kuni 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.
Hamkorlik kengayishi kutilmoqda
Yangi havo yo‘nalishi O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi masofa va vaqtni qisqartiradi.
Parvozlar turizm, savdo, investitsiya hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Yerevan o‘rtasida aviaqatnov tiklangandi. 2-iyun kuni Yerevandan uchgan ilk reys Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Samolyot bortida 127 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Shu kuni Toshkentdan Yerevanga uchgan ilk reys yo‘lovchilari ham tantanali tarzda ro‘yxatdan o‘tkazildi.