O‘zbekiston startap bozori: eng talabgir yo‘nalishlar qaysi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston endi faqat mahalliy bozor emas, balki Markaziy Osiyoda tez shakllanayotgan startap markaziga aylanmoqda
Foto: Depositphotos, infografika: Kursiv Uzbekistan, bildmuharrir: Andrey Matochenko

O‘zbekiston startap ekotizimi so‘nggi yillarda tez o‘sayotgan texnologik bozorga aylandi. IT Park Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilda startaplar uchun dastlabki bosqich moliyalashtirish $0,3 mln atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich $69,5 mlnga yetgan. 2025-yilda esa umumiy investitsiya hajmi $329 mlnga chiqib, bir yil ichida 522 foizga oshgan. LinkedIn kompaniyasining katta dasturiy ta’minot muhandisi va Monic.ai asoschilaridan biri Sherzod Kariev hamda ITF Group analitik muhandisi Fayzulla Abdurahimov fikricha, O‘zbekiston endi faqat mahalliy bozor emas, balki Markaziy Osiyoda tez shakllanayotgan startap markaziga aylanmoqda.

Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olasiz:

Startaplar uchun investitsiyalar

Asosiy o‘sish nuqtalari

Startap bozoridagi asosiy muammolar

Qaysi sohalarda pul ko‘proq

Davlat qo‘llab-quvvatlashi yetarlimi

AI uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar

Silikon vodiysidan olinadigan saboq

Investitsiyalar keskin oshdi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston startaplariga qiziqish sezilarli kuchaydi. Fayzulla Abdurahimov taqdim etgan IT Park Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda dastlabki bosqich moliyalashtirish $0,3 mln bo‘lgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich $69,5 mlnga yetgan. 2025-yilda esa startaplarga kiritilgan umumiy investitsiya $329 mlnni tashkil etgan.

Bunday o‘sish faqat pul hajmida emas, bitimlar va startaplar sonida ham ko‘rinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bitimlar soni 38 tadan 140 taga, startaplar soni esa 400 tadan 750 taga oshgan.

Bu bozorda yangi asoschilar, investorlar va texnologik loyihalar ko‘payayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston StartupBlink Global Startup Ecosystem Index reytingida ilk bor top-100 talikka kirib, global reytingda 79-o‘ringa chiqqani ham ekotizimga xalqaro e’tibor ortayotganidan dalolat beradi, deya qayd etdi Abdurahimov.

«O‘zbekiston endi «boshlang‘ich bosqich» deya nomlanmaydi. Venchur investitsiyalar hozirda  $300 milliondan oshdi va xorijiy pul kirib kelishi davom etmoqda. Bu yerda muvaffaqiyatga erishayotgan startaplar mahalliy muammolarni hal qiladiganlardir, AQShdagi modellarni shunchaki ko‘chirib o‘tkazadiganlar emas», — deydi Sherzod Kariev.

Asosiy o‘sish super-ilovalar va fintexda

Sherzod Karievning fikricha, O‘zbekistondagi eng katta o‘sish nuqtalaridan biri super-ilovalar yo‘nalishida kuzatilmoqda. Bunda bitta platforma xarid, to‘lov, bank xizmatlari, bo‘lib to‘lash va yetkazib berishni birlashtiradi.

Uzum bu yo‘nalishdagi eng yorqin misollardan biri sifatida keltiriladi. Kompaniya nafaqat ilova yaratdi, balki omborlar, logistika, to‘lov va kredit infratuzilmasini ham rivojlantirdi.

Fintex esa butun ekotizimga zamin yaratgan asosiy sohalardan biri bo‘ldi. Click va Payme kabi ilovalar odamlarning naqd puldan raqamli to‘lovlarga o‘tishini tezlashtirdi. Shundan keyin elektron tijorat, bo‘lib to‘lash, raqamli bank xizmatlari va boshqa servislar tez rivojlana boshladi.

O‘zbekiston mintaqaviy fikrlashi kerak

Fayzulla Abdurahimov fikricha, O‘zbekiston startaplari uchun eng muhim masala faqat mahalliy bozor bilan cheklanib qolmaslik. Uning ta’kidlashicha, xalqaro investorlar odatda bir mamlakat doirasida qoladigan emas, mintaqaviy yoki global kengayish imkoniyati bor loyihalarga ko‘proq qiziqadi.

Shu sababli O‘zbekistonda yaratilgan startap mahalliy muammoni hal qilishi, lekin mahsulotini Markaziy Osiyo, MENA, Janubiy Osiyo yoki boshqa yaqin bozorlarga ham moslashtira olishi kerak.

Sherzod Karievga ko‘ra, startap bitimlarining 92 foizi seed yoki pre-seed bosqichiga to‘g‘ri keladi. Series A va undan yuqori bosqichlar esa atigi 8 foizni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistonda yangi startap boshlash uchun imkoniyatlar ko‘paymoqda. Ammo loyiha o‘sib, katta bozorga chiqishga tayyor bo‘lganida, yirik investitsiya topish hali ham qiyin.

Sherzod Kariev ham aynan shu muammoni ta’kidlaydi. Uning fikricha, boshlang‘ich bosqichda mablag‘ topish avvalgiga qaraganda osonlashgan, ammo tez o‘sish bosqichida asoschilar ko‘pincha chet el investorlari bilan ishlashga majbur bo‘ladi.

«O‘zbekistonda yosh va texnik bilimli yoshlarimiz juda ko‘p. Yiliga 600,000 dan ortiq universitet bitiruvchilari bor, ulardan taxminan 29,000 tasi IT va texnologiya sohasiga  to‘g‘ri keladi, ularning o‘rtacha yoshi esa 28 dan past. Muammo ularni saqlab qolishda. Eng yaxshi muhandislar va mutaxassislar ko‘pincha boshqa mamlakatlarda o‘z  imkoniyatlarini qidiradilar. Demak, iste’dod yo‘q emas, balki ularni mamlakatda qolishiga undovchi sharoitlar yaratish zarur», — deya qo‘shimcha qildi Kariev.

Qaysi sohalarda pul ko‘proq

Abdurahimovga ko‘ra, investitsiyalarning katta qismi fintex sohasiga yo‘naltirilmoqda. Uning ulushi 25%. 2024-yilda agritech startaplari $90 mln, healthtech yo‘nalishi $60 mln, yashil texnologiyalar esa $50 mln investitsiya jalb qilgan.

Bu raqamlar O‘zbekistonda texnologiya bozori faqat to‘lov ilovalari yoki elektron tijoratdan iborat emasligini ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ekologiya va sun’iy intellekt ham muhim yo‘nalishlarga aylanmoqda.

«O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, ta’lim, logistika, islomiy moliya — bularning barchasi nafaqat O‘zbek, balki Markaziy Osiyo, MENA va Janubiy Osiyo bozorlarida ham dolzarb. Shu doiraga chiqadigan startap xalqaro investorga ancha qiziqarliroq ko‘rinadi», — deydi Abdurahimov.

Davlat qo‘llab-quvvatlashi yetarlimi

O‘zbekistonda IT Park, soliq imtiyozlari, akselerator xarajatlarini qoplash va investitsiyani qo‘llab-quvvatlash dasturlari mavjud. IT Park 2 800 dan ortiq kompaniyani qo‘llab-quvvatlamoqda, ular orasida 730 dan ziyod xorijiy kompaniya ham bor.

Sherzod Kariev fikricha, davlat dasturlari ayniqsa boshlang‘ich bosqichdagi startaplar uchun foydali. Lekin mahsulotini isbotlagan va tez kengayishga tayyor kompaniyalar uchun kattaroq kapital va xalqaro investorlar bilan kuchliroq aloqa zarur.

Fayzulla Abdurahimov esa AI startaplari uchun hisoblash quvvati muhimligini aytadi. Uning fikricha, O‘zbekiston IT Park orqali yirik chip ishlab chiqaruvchilar yoki bulut provayderlari bilan hamkorlik qilib, mahalliy AI startaplariga arzon GPU va hisoblash quvvatlari taqdim etishi mumkin.

AI uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar

O‘zbekistonda AI asosidagi startaplar uchun bir nechta yirik imkoniyat bor. Kariev va Abdurahimov ham birinchi yo‘nalish sifatida qishloq xo‘jaligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi muhim o‘rin tutadi, ko‘plab jarayonlar esa hali to‘liq raqamlashtirilmagan.

AI yordamida ekin kasalliklarini aniqlash, tuproq holatini tahlil qilish, hosildorlikni bashorat qilish va suv resurslarini samarali boshqarish mumkin.

Ikkinchi yo‘nalish — tibbiy diagnostika. Toshkentdan tashqaridagi hududlarda malakali shifokorga tez yetib borish qiyin bo‘lishi mumkin. AI esa tibbiy tasvirlarni tahlil qilish, dastlabki tashxis qo‘yish va bemorlarni masofadan saralashda yordam beradi.

Uchinchi yo‘nalish — logistika. O‘zbekiston Xitoy, Rossiya, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi muhim hududda joylashgan. Shu sababli AI asosidagi marshrut tanlash, ombor boshqaruvi va talabni prognoz qilish tizimlari katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Fayzulla Abdurahimov islomiy AI moliyasi, retail analytics avtomatlashtirishini ham eng istiqbolli yo‘nalishlar qatoriga kiritadi.

Silikon vodiysidan olinadigan saboq

Sherzod Kariev fikricha, Silikon vodiysidan olinadigan eng muhim saboq bu mahsulot va bozor mosligini erta aniqlash. Startap avval mijoz kimligini, muammo qanchalik katta ekanini va foydalanuvchi mahsulot uchun pul to‘lashga tayyormi yoki yo‘qligini bilishi kerak.

Ko‘plab asoschilar mahsulotni uzoq vaqt ichkarida ishlab chiqadi. Ammo haqiqiy foydalanuvchilar bilan erta ishlash, ularning fikrini eshitish va mahsulotni tez-tez yaxshilash muvaffaqiyat imkoniyatini oshiradi.

B2B startaplar uchun esa mijozning ish jarayonini chuqur tushunish, og‘riqli nuqtalarini aniqlash va mahsulotni mijoz bilan birga shakllantirish muhim.

Sherzod Kariev bugun O‘zbekistonda startap ochsa, kichik va o‘rta bizneslar uchun B2B dasturiy ta’minot yo‘nalishini tanlashini aytadi.

Uning fikricha, O‘zbekistonda yuz minglab kichik bizneslar hali ham qog‘oz, Excel yoki tartibsiz boshqaruv tizimlari bilan ishlaydi. Ular uchun ish jarayoni, ombor, xodimlar, hisob-kitob, mijozlar va yetkazib beruvchilarni boshqaradigan mahalliy dasturiy mahsulotlarga talab yuqori.

BILLZ va Didox bu model ishlashini ko‘rsatdi. Ammo qurilish, logistika, klinikalar, mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish sohalarida hali ko‘plab bo‘sh joylar bor.

Umuman olganda, Sherzod Kariev va Fayzulla Abdurahimov fikrlaridan kelib chiqadigan asosiy xulosa: O‘zbekiston startaplari mahalliy muammoni yaxshi tushunishi, lekin faqat mahalliy bozor bilan cheklanmasligi kerak. Real muammoni hal qiladigan, raqamlarini aniq ko‘rsata oladigan va mintaqaviy kengayish salohiyatiga ega loyihalar investorlar uchun eng jozibali bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ar-Riyodda O‘zbekiston IT Parkining doimiy bo‘limi ochilgandi. Ma’lum qilinishicha, Ar-Riyoddagi yangi bo‘lim negizida allaqachon sakkizta startap loyiha o‘z faoliyatini boshlagan. Shuningdek, tadbirda «Bir million dasturchi» va «Bir million sun’iy intellekt yetakchisi» loyihalari xorijiy mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otgani ta’kidlandi.

Shuningdek