AQSh va Eron zarbalarni to‘xtatishga kelishdi — Axios

AQSh va Eron bir-biriga qarshi zarbalarni to‘xtatishga kelishib oldi. Axios nashrining AQShdagi yuqori martabali rasmiyga tayanib yozishicha, tomonlar shu hafta Qatarning Doha shahrida uchrashib, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi kelishmovchiliklarni muhokama qiladi.
AQSh rasmiysining aytishicha, tomonlar «barcha kinetik faollikni» to‘xtatishga qaror qilgan. Harbiy terminologiyada bu ibora zarbalar va boshqa hujumkor harakatlarni anglatadi. Muzokaralar seshanba kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Kelishuv 11 kun avval kuchga kirgan sulh fonida muhim ahamiyatga ega. So‘nggi kunlarda tomonlar o‘rtasida yana zarbalar qayd etilgani, AQSh prezidenti Donald Tramp esa urushni qayta boshlash va «ishni oxiriga yetkazish» bilan tahdid qilgani vaziyatni keskinlashtirgan edi.
Qayta avj olgan keskinlikka urushni yakunlash bo‘yicha memorandum shartlarini turlicha talqin qilish sabab bo‘lgani aytilmoqda. Asosiy bahsli masala Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati bilan bog‘liq. Mazkur bo‘g‘oz jahon neft savdosi uchun strategik ahamiyatga ega yo‘laklardan biri hisoblanadi.
Memorandumga ko‘ra, Eron tijorat kemalarining bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun imkon qadar harakat qilish majburiyatini olgan. Buning evaziga AQSh Eron portlariga nisbatan blokadani bekor qilgan.
Kelishuv xronologiyasi
O‘tgan hafta Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralarda AQSh delegatsiyasi, vitse-prezident Jey Di Vens boshchiligida, Eron tomoni bilan bo‘g‘ozdagi harakatni muvofiqlashtirish uchun AQSh harbiylari va Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi o‘rtasida maxsus «issiq liniya» tashkil etishga kelishgan.
Biroq shanba holatiga ko‘ra, bu aloqa liniyasi hali ishga tushmagan. Shu bilan birga, Eron ayrim kemalar bo‘g‘ozdan o‘tish uchun oldindan muvofiqlashtirishi kerakligini yana ilgari sura boshlagan.
Dastlab seshanba kungi muzokaralar Shveysariyada o‘tkazilishi va Eron yadroviy dasturiga bag‘ishlanishi rejalashtirilgan edi. Biroq vaziyatning keskinlashuvi uchrashuv joyi va kun tartibini o‘zgartirdi. Endi asosiy e’tibor Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal qilishga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron AQShning Kuvayt va Bahrayndagi harbiy bazalariga zarba bergani haqida yozgan edi.