Timur Ishmetov: «Noaniqlik bizning doimiy ish muhitimizga aylandi»

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov ketma-ket kelayotgan global inqirozlar tufayli regulyatorlar rejalashtirish tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘layotganini ma’lum qildi. Bu haqda u 29-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan Monetary policy dialogue 2026 xalqaro forumida ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, pandemiyadan keyingi davr inflyatsiya qanday shakllanishi haqidagi avvalgi tasavvurlarni butunlay oʻzgartirib yubordi. Iqtisodiyot alohida bir zarbani emas, balki bir-biri bilan bog‘liq inqirozlar zanjirini boshdan kechirmoqda – logistika uzilishlaridan tortib, savdo parchalanishi va mehnat bozoridagi beqarorliklargacha.
«Eng chuqur saboq shundan iboratki, noaniqlik endi odatdagi tartibga qaytishni shunchaki kutib o‘tish mumkin bo‘lgan vaqtinchalik holat emas. U bizning doimiy ish muhitimizga aylandi», – dedi Timur Ishmetov.
Regulyator rahbarining qo‘shimcha qilishicha, markaziy banklar endilikda yuqori o‘zgaruvchanlikni shunchaki o‘tkinchi «shovqin» deya hisobdan chiqarib yubora olmaydilar. Kuchli turbulentlik endi qarorlar qabul qilish tizimiga kiritilishi shart, zero «faqat o‘zi kutayotgan dunyo manzarasi asosidagina rivojlanishni rejalashtirayotgan markaziy bank jiddiy rejalashtirish bilan shug‘ullanmayapti».
Chegarasiz iqtisodiyot
O‘zbekiston MB raisi zamonamizning ikkinchi fundamental muammosini oddiy iqtisodiy sikl sifatida baholab bo‘lmaydigan keng ko‘lamli raqamlashtirish jarayonida ko‘rmoqda. Bu – moliya sektorining poydevorini real vaqt rejimida o‘zgartirayotgan chuqur tarkibiy transformatsiya.
Ishmetov ushbu jarayonning yaqqol belgilarini sanab o‘tdi: raqamli to‘lovlarning shiddatli o‘sishi, aktivlarning tokenizatsiyalashtirilishi, markaziy banklar raqamli valyutalari (CBDC)ning faol sinovdan o‘tkazilishi, shuningdek, sun’iy intellektning regulyatorlar nazorati va tadqiqot faoliyatiga kirib borishi.
Biroq raqamlashtirish nafaqat yangi imkoniyatlar yaratadi, balki barqarorlik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va kiberxavfsizlikka ham jiddiy xavf tug‘diradi. Markaziy bank rahbari hamkasblarini texnologiyalarga ko‘r-ko‘rona hayratga berilmasdan, vaziyatga hushyor qarashga va tizimlarning operatsion ishonchliligini bosh maqsadga aylantirishga chaqirdi.
Toshkentning ushbu forum maydoni sifatida tanlanganiga to‘xtalar ekan, Ishmetov O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh bo‘lgan yagona mamlakat ekanini eslatib o‘tdi.
«Mintaqadagi iqtisodiy zarbalar chegaralarni tan olmaydi va biz aminmizki, ularga javob izlash ham chegaralar bilan cheklanib qolmasligi kerak», – deya xulosa qildi MB raisi va mintaqa pul-kredit rasmiylarini ochiq muloqotga chorladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz – yillik 14% darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida xabar bergan edi.