Dua Lipa Portugaliyada o‘z kutubxonasini ochdi

eʼlon qilindi
Loyiha 27-iyun kuni Portugaliyaning Portu shahrida o‘tkazilgan Babell xalqaro kitob festivalida taqdim etildi
Dua Lipa o‘z kutubxonasini ochdi
Foto: Getty Images

Britaniyalik qo‘shiqchi Dua Lipa Manifesto Library nomli shaxsiy kutubxonasini ishga tushirdi. Bu haqda Rolling Stone nashri xabar berdi.

Loyiha 27-iyun kuni Portugaliyaning Portu shahrida o‘tkazilgan Babell xalqaro kitob festivalida taqdim etildi.

Kutubxona mashhur kitob do‘konida joylashadi

Festival yakunlanganidan so‘ng kutubxona Portudagi mashhur Lello kitob do‘konining doimiy qismiga aylanadi. Mazkur maskan interyeri bilan mashhur bo‘lib, yozuvchi Joan Rouling Garri Potter olamini yaratishda undan ilhom olgani aytiladi.

100 ga yaqin kitob jamlandi

Kutubxona uchun jamlangan qariyb 100 ta asar orasida senzura, erkin fikr, inson huquqlari va jamiyatdagi bahsli masalalarni yorituvchi kitoblar o‘rin olgan. Ular orasida Margaret Etvudning «Cho‘rining hikoyasi», Redjinald Dueyn Bettsning «Jinoyatchi» asari, shuningdek, Salmon Rushdi va Olga Tokarchukning kitoblari ham bor.

Bu erkin fikr uchun makon

Dua Lipaning ta’kidlashicha, yangi kutubxona taqiqlangan yoki senzuraga uchragan kitoblar hamda o‘z qarashlarini dadil ifoda etgan mualliflarni qadrlash maqsadida tashkil etilgan.

«Bu kutubxona yo‘qolishga majbur bo‘lgan kitoblar, hokimiyat va nazorat tizimlarini fosh etuvchi jasur mualliflar hamda qaysi kitobni o‘qishni boshqalar emas, o‘zi tanlash huquqini himoya qiladigan kitobxonlar uchun makondir», – dedi Dua Lipa.

Mazkur loyiha qo‘shiqchining 2021-yilda yo‘lga qo‘ygan Service95 kitob klubining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Dua Lipa Samsung kompaniyasini sudga bergani haqida yozgandi.

Shuningdek