O‘zbek Milliy akademik drama teatrini ta’mirlash uchun 1,87 mlrd so‘m ajratildi

Toshkent shahridagi O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov imzolagan qarorda keltirib o‘tildi.
Loyiha uchun 1,87 milliard so‘m mablag‘ Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mablag‘lar nafaqat teatr binosini ta’mirlash, balki uning atrofidagi hududni obodonlashtirish ishlariga ham sarflanadi.
Loyihaning buyurtmachisi etib Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi belgilandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbek Milliy akademik drama teatri o‘z tarixini 1914-yilda Abdulla Avloniy tashkil etgan «Turon» teatr truppasidan boshlaydi. 1929-yilda teatrga Hamza nomi berilgan, 1933-yilda esa unga akademik teatr maqomi berilgan. 2001-yilda Prezident farmoni bilan muassasa hozirgi – O‘zbek Milliy akademik drama teatri nomini olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zbeksirk» binosi qayta ta’mirlanishi haqida yozgandi.