Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 1,5 ming nafarga yaqinlashdi

Venesuelada hafta boshida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalardan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, qurbonlar soni esa 1,5 ming nafarga yaqinlashdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Mamlakatning eng ko‘p zarar ko‘rgan La Guayra shtatiga xorijdan minglab qutqaruvchilar yetib kelgan. 28-iyun holatiga qurbonlar soni 1 450 nafarga yetgan, 3 150 kishi jarohatlangan, 12 721 nafar fuqaro boshpanasiz qolgan, 774 ta bino qulab tushgan.

Qutqaruv ishlari davom etmoqda
Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodrigesning ma’lum qilishicha, qutqaruv ishlari hali to‘xtatilmaydi, chunki vayronalar ostidan tirik qolganlarni topishga umid saqlanib qolyapti. Shu maqsadda binolarning yashash uchun yaroqliligini baholovchi maxsus prezident komissiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, La Guayrada maktablarda ta’til yana bir haftaga uzaytirildi. Hududda elektr ta’minoti 75 foizgacha tiklangani ma’lum qilindi.

O‘n minglab odamlarning taqdiri noma’lum
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, dam olish kunlari kamida 33 kishi, jumladan, bir necha bola vayronalar ostidan tirik qutqarilgan. Shu bilan birga, muxolifat tomonidan yuritilayotgan maxsus platformada qariyb 50 ming kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda. Bu ko‘rsatkich bir kun avval 55 ming nafarni tashkil etgan edi.
Shveysariya qutqaruv guruhi rahbari Sebastyan Eugsterning aytishicha, zilziladan keyingi dastlabki 72 soat tirik qolganlarni topish uchun eng muhim davr hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv itlari yordamida bir necha tirik odamning joyi aniqlangan, biroq ularni o‘z vaqtida qutqarishning imkoni bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongoda Ebola virusidan vafot etganlar soni 304 nafarga yetgani haqida yozgan edik.