Iyul O‘zbekistonda eng issiq oy bo‘lishi kutilmoqda

eʼlon qilindi
Harorat 45 darajagacha yetishi mumkin
7-aprel ob-havosi
Foto: Pexels.com

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida O‘zbekistonda havo harorati odatdagidan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Oy boshida harorat nisbatan qulay bo‘ladi, biroq keyinchalik issiq kuchayib, ayrim hududlarda 45 darajagacha yetishi mumkin.

Iyul – yilning eng issiq oylaridan biri

Iyul O‘zbekistonda odatda eng issiq oy hisoblanadi. Bu davrda respublikaning katta qismida o‘rtacha maksimal havo harorati 35–37 daraja atrofida bo‘ladi.

Janubiy va cho‘l hududlarda esa bu ko‘rsatkich 38–40 darajagacha yetadi. Deyarli har yili iyul oyida havo harorati 40–42 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarda esa 43–45 darajagacha ko‘tariladigan juda issiq davrlar kuzatiladi.

40 darajadan yuqori kunlar soni ortmoqda

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuchli issiqning salbiy ta’siri faqat harorat nechaga ko‘tarilgani bilan emas, balki issiq davr qancha davom etgani bilan ham belgilanadi.

Ko‘p yillik ma’lumotlarga ko‘ra, havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘ladigan kunlar soni markaziy va sharqiy hududlarda o‘rtacha 1 – 3 kunni, shimoliy va janubi-g‘arbiy hududlarda 3 – 7 kunni tashkil etadi.

Cho‘l hududlarda va respublika janubida bunday kunlar soni 10 – 15 kungacha, Termiz hududida esa 16 kungacha yetadi.

So‘nggi yillarda esa 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortib bormoqda. Bu tendensiya Toshkent shahrida ham kuzatilmoqda. 1991 – 2004-yillarda poytaxtda bunday kunlar 0 kundan 3 kungacha bo‘lgan bo‘lsa, 2005 – 2015-yillardan keyin ularning soni ko‘paya boshlagan. Eng jadal o‘sish so‘nggi 10 yilda kuzatilgan.

Bu yil iyul qanday boshlanadi

«O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, iyul oyining boshi juda issiq bo‘lmaydi. 1 – 5-iyul kunlari kunduzgi havo harorati 30–35 daraja atrofida, janubda esa 36–39 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.

Keyinchalik harorat asta-sekin ko‘tarila boshlaydi. Birinchi o‘n kunlik oxiriga borib, kunduzi havo 37–40 darajagacha, janubda esa 41–43 darajagacha isishi mumkin.

Oy davomida harorat 45 darajagacha chiqishi mumkin

Iyul oyining keyingi qismida havo harorati 33–38 darajadan 38–43 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Respublikaning shimoliy hududlari, cho‘l zonalari va janubida ayrim joylarda havo harorati 45 darajagacha yetishi mumkin.

Kechalari harorat asosan 20–25 daraja, janubda 25–27 daraja, shimol va cho‘l hududlarda esa 27–30 daraja atrofida bo‘ladi.

Prognozlarga ko‘ra, iyul oyida o‘rtacha havo harorati me’yoriy qiymatlardan yuqori bo‘ladi. Respublikaning katta qismida harorat me’yordan 1,5–2 darajaga, janubda 2–2,5 darajaga, shimol va cho‘l hududlarda esa 2,5–3 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda

Iyul oyi davomida O‘zbekiston bo‘yicha, asosan, yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Faqat ayrim kunlarda respublikaning ba’zi joylarida, asosan tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zgidromet» 29 – 30-iyun hamda 1 – 3-iyul kunlari uchun ob-havo prognozini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, o‘tgan haftadagi juda issiq ob-havodan so‘ng ushbu ish haftasida O‘zbekiston bo‘yicha havo harorati pasayadi.

Shuningdek