Qozog‘iston va Qirg‘iziston yer hamda binolarni 49 yil muddatga o‘zaro almashadi

eʼlon qilindi
Ushbu ko‘chmas mulklar barcha turdagi soliq va yig‘imlardan ozod etiladi
Qozog‘iston va Qirg‘iziston yer va binolarni 49 yil muddatga o‘zaro almashadi / Foto: Inbusiness

Qozog‘iston va Qirg‘iziston diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yaxshilash maqsadida o‘z poytaxtlarida elchixonalar uchun yer uchastkalari va turarjoylarni 49 yil muddatga o‘zaro almashishga kelishib oldi. Bu haqda Tengrinews nashri ma’lum qildi.

Qozog‘iston Senati deputatlari tomonidan ma’qullangan qonunga muvofiq, ikki davlat poytaxtlarida elchixonalar hamda favqulodda va muxtor elchilarning rasmiy qarorgohlari uchun yer uchastkalari va binolar bepul ajratiladi.

Hujjatga ko‘ra, Qozog‘iston Qirg‘izistonga Ostona shahrida 0,74 gektar yer maydoni hamda 1 267 kvadrat metrli kottejni elchixona va elchi qarorgohi uchun beradi. O‘z navbatida, Qirg‘iziston ham Bishkekda 0,75 gektar yer maydoni va 531 kvadrat metrli kottejni Qozog‘iston elchixonasi uchun ajratadi. Har bir obyektga alohida hudud biriktiriladi.

Shuningdek, ushbu ko‘chmas mulklar ikki davlat hududida barcha turdagi soliqlar va yig‘imlardan ozod etilishi belgilangan. Tomonlar esa qurilish, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish hamda kommunal to‘lovlarni o‘zlari qoplab boradi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston ilgari ham shunga o‘xshash diplomatik kelishuv doirasida AQSh bilan ham 49 yil muddatga yer ajratish bo‘yicha bitimni ma’qullagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi ikkita o‘tkazish punkti xalqaro maqom olishi haqida yozgan edik.

Shuningdek