Profilaktika inspektorlari faoliyatiga aralashish va asossiz topshiriqlar berish taqiqlanadi

Profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomini belgilash, ularning vakolatlari va ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Shavkat Mirziyoyev shunga doir takliflar bilan tanishdi.
Taqdimotda yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari aholi murojaatlariga xizmat hududidan qat’iy nazar, tezkor javob berishi, huquqbuzarliklarning oldini olishda xavf guruhidagi shaxslar bilan manzilli ishlash samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, jinoyatchilikni baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlarga emas, balki aholi ishonchi, qayta jinoyatchilik darajasi va profilaktika natijadorligiga tayanish zarurligi ta’kidlandi.
Profilaktika inspektorlarining maqomi
Taqdimotda «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi haqida ham axborot berildi. Unga ko‘ra, profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyati kafolatlari hamda ijtimoiy-huquqiy himoyasi qonun bilan aniq belgilanadi.
Loyihaga ko‘ra, inspektorlarga faqat qonunda nazarda tutilgan vazifalar yuklanadi. Ularning kasbiy faoliyatiga aralashish va asossiz topshiriqlar berish taqiqlanadi.
Qo‘shimcha vakolat va ijtimoiy kafolatlar
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo qo‘llash vakolatlarini kengaytirish ham nazarda tutilgan. Shuningdek, hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, uzoq yillik xizmat uchun qo‘shimcha pensiya kafolatlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Jamoat xavfsizligi tizimi uchun yangi kadrlar tayyorlanadi
Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universiteti va Ichki ishlar vazirligi akademiyasini transformatsiyalash taklif qilindi. Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, qo‘riqlash va jamoat tartibini saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Ta’lim dasturlariga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dronlar, robototexnika, profayling, konfliktologiya va raqamli tahlil kabi yangi fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident qarori bilan 28 nafar fidoyi yigitlar «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga munosib ko‘rilgan edi.