AQShda sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish uchun onlayn portal ishga tushdi

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi – OFAC sanksiya qarorlarini qayta ko‘rib chiqish uchun maxsus onlayn portal ishga tushirdi. Bu haqda Oninvest xabar berdi.
Yangi portal orqali arizachilar o‘zlariga nisbatan sanksiya qo‘llash haqidagi qaror matnini ham so‘rashlari mumkin. Bu ularga qaror asoslarini o‘rganish va zarur hollarda uni e’tiroz qilish imkonini beradi. Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar avval ham qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘rash huquqiga ega edi. Biroq bunday jarayon ko‘pincha sanksiya huquqi bo‘yicha ixtisoslashgan yuristlarni jalb etishni talab qilgan. OFAC’ning bildirishicha, yangi portal ariza topshirish jarayonini soddalashtirish, shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
So‘nggi o‘n yilliklarda AQSh sanksiyalarni tashqi siyosat vositasi sifatida faol qo‘llab kelmoqda. Hozir mamlakatda jismoniy shaxslar, kompaniyalar va ayrim davlatlarga nisbatan minglab cheklovlar amal qiladi. Shu fonida sanksiya qarorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha raqamli mexanizmning ishga tushirilishi jarayonni tizimlashtirishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda.
U qanday ishlaydi
Portal ko‘rsatmalarida qayd etilishicha, arizachi Courtesy Document deb ataluvchi hujjatni so‘rashi mumkin. Unda sanksiya qo‘llashga asos bo‘lgan ma’lumotlar keltiriladi. Biroq ayrim ma’lumotlar maxfiy bo‘lishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotlariga tegishli bo‘lishi yoki boshqa istisnolar bilan himoyalangan bo‘lishi sababli yashirilishi mumkin.
OFAC sanksiyalarni e’tiroz qilish uchun ikkita asosni ko‘rsatmoqda. Birinchisi, sanksiya qo‘llashga sabab bo‘lgan holatlar endilikda mavjud bo‘lmasa. Ikkinchisi, sanksiya dastlab yetarli asos bo‘lmagan holda qo‘llangan bo‘lsa. Masalan, shaxs lavozimidan ketgan, kompaniya tugatilgan, faoliyat to‘xtatilgan yoki identifikatsiyada xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» Tramp AQSh mustaqilligining 250 yilligiga yangi pasport dizaynini namoyish etgani haqida yozgan edi.