
Honor X80 Pro Max savdoga chiqqan ilk kunida 45 mingdan ortiq dona sotildi. Kompaniya vakillariga ko‘ra, bu 2026-yilda yangi Android smartfonlari orasida birinchi kundagi eng yuqori savdo ko‘rsatkichlaridan biri bo‘ldi, deya xabar berdi IT Home.
Honor mahsulot menejeri Pen Ye’ning ma’lum qilishicha, Honor X80 Pro Max savdoga chiqqan birinchi kunida kuchli talabga ega bo‘lgan.
Model ayniqsa o‘rta va quyi narx segmentidagi Android smartfonlari orasida muvaffaqiyatli start qilgani aytilmoqda.
Asosiy ustunlik — katta batareya
Honor X80 Pro Max’ning eng muhim jihatlaridan biri 11 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘ldi.
Smartfon 90 vattli tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 27 vattgacha teskari quvvatlash imkoniyati ham mavjud.
Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, qurilma bir quvvat bilan 26 soatdan ortiq uzluksiz jonli efir olib borishga yetadi.
Ekran va protsessor
Smartfon 6,8 dyuymli ekran bilan jihozlangan. Displey 1.5K darajadagi aniqlikka ega bo‘lib, 1280×2788 piksel o‘lchamni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ekran yangilanish chastotasi 120 Gts gacha yetadi. Pik yorqinlik darajasi esa 10 000 nit deb ko‘rsatilgan. Qurilma Snapdragon 6 Gen 5 platformasi asosida ishlaydi.
Xotira va kameralar
Honor X80 Pro Max 8 GB dan 12 GB gacha tezkor xotira hamda 512 GB gacha ichki xotira bilan taklif etiladi.
Smartfonda optik stabilizatsiyaga ega 50 megapikselli asosiy kamera mavjud. Old tomonda esa 8 megapikselli selfi kamera joylashgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Qurilma Android 16 asosidagi MagicOS 10.0 tizimida ishlaydi. Shuningdek, smartfon NFC, infraqizil port va stereodinamiklar bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor 14 000 mA/soatli batareyaga ega smartfon tayyorlayotgani xabar qilingandi. Kompaniya laboratoriyalarid 14 000 mA/soatgacha sig‘imga ega akkumulyatorlar sinovdan o‘tkazilayotgani aytilmoqda.