Texnikum ochish uchun 20 dan ortiq litsenziya talabi bekor qilinadi

Kasb-hunar egallash va zamonaviy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda yangi «kasb vaucheri» tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, har yili 50 ming nafar yoshning xalqaro talablar asosida kasb o‘rganish xarajatlari foizsiz ssuda shaklida qoplanadi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yosh xususiy o‘quv markazlarida bepul kasb o‘rganishi uchun maxsus vaucherlar bilan ta’minlanadi. Joriy yilning o‘zida ushbu ikki tizimni moliyalashtirish uchun 120 milliard so‘m ajratilishi, talab ortsa mablag‘ hajmi yana oshirilishi rejalashtirilgan.
Yana bir yangilikka ko‘ra, xorijiy til sertifikatlari kabi xalqaro kasb sertifikatini olgan yoshlarning ham xarajatlari qoplab beriladi.
Bundan tashqari, texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki kengaytiriladi. Texnikum ochish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirilib, 20 dan ortiq talab bekor qilinadi. Yangi o‘quv yilidan boshlab xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat grantlari ajratiladi.
Shuningdek, xalqaro kasb tanlovlarida g‘olib bo‘lgan davlat va xususiy texnikum o‘quvchilari 100 million so‘m, ularni tayyorlagan ustozlar esa 50 million so‘m miqdorida mukofot bilan taqdirlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokini baholab, futbolchilarni tanqid qilish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda muhimligini ta’kidlagani haqida yozgandi.