Xorijda o‘qiyotgan talabalar va ish beruvchilarni bog‘lovchi platforma ishga tushiriladi

eʼlon qilindi
Hozirda 14 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik yigit-qizlar tahsil olmoqda
Xorijda o‘qiyotgan talabalar va ish beruvchilarni bog‘lovchi platforma ishga tushiriladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni mamlakatdagi ish beruvchilar bilan bog‘lashga qaratilgan yangi raqamli platforma yaratilishini e’lon qildi.

Xorijda tahsil olayotgan yoshlar uchun yangi platforma yaratiladi

Prezidentning ma’lum qilishicha, hozirda 14 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik yigit-qizlar AQSh, Yevropa, Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Endilikda ularning ta’til davrida vazirliklar, hokimliklar, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot hamda stajirovka o‘tashi uchun sharoit yaratiladi.

Shu maqsadda bir oy ichida ish beruvchilar va xorijda o‘qiyotgan talabalarni o‘zaro bog‘laydigan raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi. Ushbu platforma yosh mutaxassislar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

«El-yurt umidi» jamg‘armasi imkoniyatlari kengaytiriladi

Qayd etilishicha, bugungi kunda «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan har yili qariyb 700 nafar yosh dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborilmoqda.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, islohotlarning dastlabki bosqichida iqtidorli yoshlar, asosan, davlat tashkilotlarida ishlash sharti bilan xorijda tahsil olgan. Biroq hozir xususiy sektorda ham yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan endilikda yoshlar xususiy sektor buyurtmasi asosida ham «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar 1 foiz soliq to‘lashi haqida yozgan edik.

Shuningdek