Yoshlarning istiqbolli loyihalariga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi

eʼlon qilindi
Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi tomonidan
Yoshlarning istiqbolli loyihalariga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi yuqori daromad keltirishi va ko‘plab ish o‘rinlari yaratishi kutilayotgan loyihalarga 5 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Yosh tadbirkorlar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratiladi

Prezidentning ta’kidlashicha, bugungi kunda yillik aylanmasi 500 mlrd so‘mdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 mlrd so‘mdan oshganlari 194 nafarga, 50 mlrd so‘mlik marrani bosib o‘tganlari esa 68 nafarga yetgan.

Endilikda yoshlarni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha «aql markazi» etib belgilanadi. Akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashib, tayyor biznes loyihalarini shakllantiradi.

Eng yaxshi biznes loyihalari Bank-moliya akademiyasi tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Bunday loyihalar mualliflari hududiy bank rahbari hamda hokimlarning iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga birinchi navbatdagi nomzod sifatida ko‘rib chiqiladi. Qayd etilishicha, ushbu tizim kamida 300 ming nafar yoshning o‘z biznesini boshlashiga imkon yaratadi.

Innovatsion startaplar uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratiladi

Prezident 2030-yilgacha mamlakat iqtisodiyoti hajmini $240 mlrddan oshirish uchun innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekiston startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, $4 mlrddan oshgan. Venchur jamg‘armalar soni 23 taga, ularning umumiy kapitali esa $200 mlnga yetgan. Shu davrda 1,2 mingdan ortiq istiqbolli startap loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda 3 mingdan ziyod yosh yuqori daromad topmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston «Global startap indeksi»da 31 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi hamda «2026-yil mamlakati» sifatida e’tirof etilgan.

«1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim» loyihasi boshlanadi

Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, endilikda barcha vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar «1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim» loyihasini amalga oshiradi. Uning doirasida har bir rahbar o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformaga joylashtiradi hamda eng yaxshi yechimlar uchun mukofot e’lon qiladi.

Mazkur tashabbusni moliyalashtirish uchun har bir vazir va hokim kamida 10 mlrd so‘mlik venchur jamg‘armasi tashkil etadi. Ushbu mablag‘lar g‘oliblarni rag‘batlantirish hamda har bir yo‘nalishdagi eng yaxshi 20 ta startapni g‘oyadan amaliyotgacha moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, Yoshlar agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishidagi 100 ta eng yaxshi loyihani saralab, ularning har biriga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar 1 foiz soliq to‘lashi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek