SI laboratoriyalari, «Muhandis qizlar» stipendiyasi, «Mening birinchi kompyuterim» dasturi — yangi tashabbuslar e’lon qilindi

eʼlon qilindi
Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon va Navoiy shaharlarida yangi AT parklarini barpo etiladi
SI laboratoriyalari, «Muhandis qizlar» stipendiyasi, «Mening birinchi kompyuterim» dasturi / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev axborot texnologiyalari va SI yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, infratuzilmani kengaytirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi stipendiya va dasturlar ishga tushirilishini ma’lum qildi.

Sun’iy intellekt infratuzilmasi kengaytiriladi

Prezidentning ma’lum qilishicha, «Raqamli hukumat» markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirilgan bo‘lib, kelgusi yilda uning quvvati uch barobar oshiriladi. Joriy yilning o‘zida 20 ta OTMda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil qilinadi.

Qayd etilishicha, yoshlar tarmoq va hududlardagi muammolarga sun’iy intellekt asosida yechim ishlab chiqishda superkompyuter klasteri va laboratoriyalar imkoniyatlaridan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Yangi AT parklarida 20 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi

Prezident so‘nggi yillarda Toshkent, Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy AT parklar ishga tushirilganini qayd etdi. O‘tgan hafta esa Yangi Namangan shahrida navbatdagi yirik loyiha boshlangan.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon va Navoiy shaharlarida umumiy maydoni 100 ming kvadrat metr bo‘lgan yangi AT parklarini barpo etish ishlari boshlanadi. Ushbu loyihalar natijasida 20 mingdan ortiq yosh uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Mening birinchi kompyuterim» dasturi

Yoshlarning raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida «Mening birinchi kompyuterim» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshning noutbuk xarajatining yarmi Raqamli texnologiyalar jamg‘armasi hisobidan qoplanadi, qolgan qismi uchun esa uch yil muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.

Yangi stipendiyalar va rag‘batlantirish tizimi

Prezidentning aytishicha, endilikda axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha kadr tayyorlaydigan oliygohlarning 3-bosqich talabalari AT parklarda dual ta’lim asosida o‘qishni davom ettiradi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi iqtidorli talabalar uchun «Muhammad al-Xorazmiy» nomidagi davlat stipendiyasi, muhandislik, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida tahsil olayotgan iqtidorli qizlar uchun esa «Muhandis qizlar» stipendiyasi ta’sis etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab ushbu stipendiyalar xususiy oliy ta’lim muassasalari talabalariga ham beriladi.

Bundan tashqari, kimyo, biologiya, fizika, matematika va informatika fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblari uchun amalda qo‘llanilayotgan rag‘batlantirish tizimi sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblariga ham tatbiq etiladi. Unga ko‘ra, g‘oliblar 1 mlrd so‘m, ularning ustozlari esa 200 mln so‘m mukofot oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq har yili «Raqamli kontent» platformasiga 20 milliard so‘m ajratilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek